Fitch Ratings hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston bank tizimidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi tarixiy yuqori darajaga — 9–10 foizgacha yetishi mumkin.
O‘sish, avvalo, davlat banklarida avvaldan to‘planib kelgan xavflarni tan olish va chakana kreditlar bo‘yicha muammolarning yuzaga chiqishi bilan bog‘liq.
Fitch Ratings 2026-yilda O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi maksimal darajaga chiqishini prognoz qilmoqda. Agentlikning ta’kidlashicha, bu jarayonning asosiy sabablari:
- davlat banklarida «eski» xavflarni bosqichma-bosqich tan olish,
- jismoniy shaxslar kreditlarida kechikishlar ortishi natijasida muammoli kreditlarning oshishi.
Fitch bildirishicha, chakana kreditlarning “pishishi» — ya’ni, muddati yetib kelishi va risklarning yuzaga chiqishi — NPL o‘sishiga qo‘shimcha bosim yaratadi.

2025-yil oktabr oyida muammoli kreditlar hajmi 1,1 trln so‘mga ko‘payib, 22,3 trln so‘mga yetdi. Bu kredit qo‘yilmalari umumiy hajmining 3,77 foizini tashkil etadi. Muammoli kreditlarning asosiy qismi (15,8 trln so‘m) davlat ulushi mavjud banklarga to‘g‘ri keladi, qolgan 6,5 trln so‘mlik NPL esa xususiy banklarga tegishli.
Davlat banklarida yirik kreditlarni hisobdan chiqarish amaliyoti hamda Markaziy bankning garovsiz iste’mol kreditlariga nisbatan ehtiyotkor siyosati kreditlash sur’atlarini sekinlashtirsa-da, Fitch’ning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, 2026-yilda umumiy kredit portfeli baribir taxminan 15 foiz o‘sadi.
Agentlikning qayd etishicha, kreditlashdagi cheklovlar davom etadi, biroq iqtisodiy faollik va bank aktivlari kengayishi kredit portfelining barqaror o‘sishini saqlab qoladi.

