Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, 2026-yildan boshlab ko‘plab tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, barcha yuridik shaxslar yagona QR kodli to‘lov tizimiga ulanishi shart bo‘ladi.
10-dekabr kuni qabul qilingan PF–246-sonli Prezident farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,3 baravarga kamaytirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida naqd pulsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.
2026-yil 1-apreldan boshlab quyidagi tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar faqat naqdsiz amalga oshiriladi:
- davlat organlari ko‘rsatadigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotiladigan neft-gaz mahsulotlari;
- elektromobillarni zaryadlash xizmatlari;
- qiymati 25 mln so‘mdan yuqori tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk oldi-sotdisi;
- ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifali transport vositalari va maxsus texnikalar savdosi.
Farmonning to‘liq matni hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, undagi muhim bandlardan yana biri – barcha yuridik shaxslar uchun yagona QR kod joriy etilishi.
2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi subyektlari banklar tomonidan generatsiya qilinadigan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilishi kerak bo‘ladi. 1-iyuldan boshlab esa bu tizimdan foydalanish barcha yuridik shaxslar uchun majburiy bo‘ladi.

