Fransiyada besh xonali villa 4 million dollar (3,45 million yevro) narxda sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Forbes nashri ma’lum qildi.
1935-yilda qurilgan, 2,5 akr (taxminan 1 gektar) maydonga ega ushbu mulk ilgari mahalliy atirsozga tegishli bo‘lgan. Unda 4000 kvadrat futli asosiy uy, ikki xonali mehmon uyi, vino saqlash va tatib ko‘rish xonasi, hovuz uchun alohida bino hamda katta yopiq avtoturargoh mavjud.
Hududda, shuningdek, zaytun bog‘i, apelsin issiqxonasi, boul (to‘p o‘yini) maydoni va bir nechta soya beruvchi terassalar bor.
Villa Grasse shahridan atigi 10 daqiqa masofada joylashgan. Grasse — XVIII asrdan beri dunyodagi eng yirik atir markazlaridan biri bo‘lib, UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Bugungi kunda 60 dan ortiq atir kompaniyalari Grasse’dan xomashyo — efir moylari, o‘simlik ekstraktlari va boshqa tabiiy ingredientlarni oladi. Bu butun Fransiya atir ishlab chiqarishining yarmini tashkil etadi. Dior va Chanel singari brendlar bu yerda o‘z gul plantatsiyalariga ega (masalan, Chanel №5 1921-yildan beri Grasse yasmini asosida yaratiladi).

So‘nggi yillarda yirik kompaniyalar ham bu hududga qayta qiziqish bildirmoqda: LVMH 2016 yilda Grasse’dagi eski atir fabrikasida Louis Vuitton va Dior uchun umumiy atir yaratuv markazini ochgan, Lancôme 2023 yilda Domaine de la Rose botanik bog‘ini sotib olgan, Hermès esa bu mintaqada o‘z gullar maydonlariga ega.

