Dunyoning birinchi 24 soatlik musiqa tarmog‘i bo‘lgan MTV Buyuk Britaniyada deyarli 40 yillik faoliyatidan so‘ng musiqiy videolarni efirga uzatishni to‘xtatadi. Kompaniya yil oxirida beshta musiqiy kanalni — MTV Music, MTV 80s, MTV 90s, Club MTV va MTV Live’ni yopadi. Ular 31 dekabrdan keyin efirga chiqmaydi, deb xabar bermoqda BBC.
Shu bilan birga, asosiy kanal — MTV HD efirda qoladi va u asosan realiti-shoularini, jumladan Naked Dating UK hamda Geordie Shore’ni namoyish etishda davom etadi.
Bu qaror tomoshabinlar odatlaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi: bugungi kunda musiqa videolari asosan YouTube va ijtimoiy tarmoqlar orqali tomosha qilinadi, televideniyeda esa talab kamaygan.

Sobiq MTV boshlovchisi Simone Angel bu yangilikdan afsusda ekanini bildirdi:
“Bu yuragimni og‘ritdi. Biz hali ham musiqani sevamiz, lekin MTV bir vaqtlar hammani bir joyda birlashtirgan yagona joy edi,” — dedi u BBC’ga bergan intervyusida.
MTV 1981-yilda AQShda ish boshlagan va tez orada pop madaniyatning markaziga aylangan. U Maykl Jeksonning “Thriller” klipining ilk namoyishi, 1985-yildagi Live Aid kontsertlarining 16 soatlik efiri va MTV Video Music Awards kabi tarixiy lahzalar bilan esda qolgan.
Yevropa versiyasi 1987-yilda, Buyuk Britaniya uchun esa 1997-yilda alohida kanal ishga tushgan edi. U o‘z faoliyati davomida Cat Deeley, Zane Lowe va Emma Willis kabi ko‘plab mashhur boshlovchilarni yetishtirgan.
Angel MTV’ning ta’siri haqida gapirar ekan, sobiq SSSR rahbari Mixail Gorbachevning MTV yoshlar ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani haqidagi so‘zlarini esladi:
“U ‘Musiqa raketalardan ko‘proq narsaga erishdi’ degan edi. MTV G‘arb hayotini ko‘rsatdi va bu yoshlar uchun ilhom manbaiga aylandi.”
Biroq 2011-yilda MTV UK asosiy kanalida musiqiy videolarni butunlay to‘xtatib, ularni qo‘shimcha kanallarga o‘tkazgan edi. Endi esa ularning o‘zi ham yopilmoqda.
Shuningdek, MTV Yevropa Musiqiy Mukofotlari (EMAs) ham hozircha to‘xtatilgan, chunki Paramount kompaniyasi Skydance Media bilan birlashish jarayonida.
Paramount shu bilan birga xarajatlarni qisqartirish maqsadida Avstraliya, Polsha, Fransiya va Braziliyadagi MTV musiqiy kanallarini ham yopmoqchi. Kompaniya umumiy hisobda 500 million dollargacha tejashni rejalashtirgan.
MTV brendi esa ijtimoiy tarmoqlarda va Paramount+ striming platformasida o‘z faoliyatini davom ettiradi.

