Amazon Web Services (AWS)ning jiddiy texnik nosozligi tufayli dunyo bo‘ylab minglab saytlar va ilovalar faoliyatida uzilishlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri ma’lum qildi.
Xizmatlar orasida Snapchat, Reddit, Venmo, Roblox, PayPal, Lyft, Signal va hatto Amazon’ning o‘z platformalari — Prime Video, Alexa ham bor edi.
AWS vakillari xabar berishicha, nosozlik uch soatcha davom etgan va tizimlar asta-sekin tiklana boshlagan. Kompaniya holat sahifasida “asosiy xizmatlar tiklanmoqda, ammo navbatdagi so‘rovlarni qayta ishlash jarayoni davom etmoqda”, deb ma’lum qilingan.
Ekspertlar bu voqeani so‘nggi yillardagi eng yirik internet uzilishi sifatida baholadi. Oxirgi marta shunday miqyosdagi muammo 2023-yilda CrowdStrike tizimidagi xatolik tufayli yuz bergandi.
Dasturiy ta’minot mutaxassisi Junade Ali nosozlikning sababi AWS’ning ma’lumotlar bazalarini boshqaruvchi tarmoq tizimidagi xato bo‘lganini aytib, “bu markaziy tarzda hal etilishi mumkin, to‘liq tiklanish yaqin soatlarda yakunlanadi”, dedi.
Internet faoliyatini kuzatuvchi Downdetector ma’lumotiga ko‘ra, 4 milliondan ortiq foydalanuvchi muammo haqida xabar bergan. Snapchat’dagi nosozliklar soni 22 mingdan 4 minggacha kamaygan, Roblox’dagi uzilishlar esa 12 mingdan 500 gacha tushgan.
Nosozlik bank, o‘yin, transport va davlat xizmatlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk Britaniyada Lloyd Bank, Vodafone, BT va HMRC (soliq va bojxona xizmati) tizimlarida ham uzilishlar kuzatildi.
Mutaxassislar bu hodisa dunyo IT infratuzilmasining bir nechta yirik provayderlarga haddan tashqari tayanib qolganini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidlashdi. Surrey universiteti professori Nishanth Sastry:
“Asosiy muammo shundaki, ko‘plab yirik kompaniyalar yagona bulut xizmatiga bog‘lanib qolgan. Bitta xatolik butun tizimni izdan chiqaradi,” — dedi.
Hozircha kiberhujum ehtimoli tasdiqlanmagan, ammo mutaxassislar bu miqyosdagi uzilishlar har doim xavotir uyg‘otishini ta’kidlashmoqda.

