Janubiy Afrikada ilk bor mamlakatga xos iqlim indeksi taqdim etildi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Bu yangi tizim mutaxassislarga qurg‘oqchilik, yong‘in, toshqin va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari tufayli yuzaga keladigan xavf va yo‘qotishlarni aniqroq baholash imkonini beradi.
Mazkur indeks Janubiy Afrika Aktuarlar jamiyati uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, har chorakda yangilanadi. U 1991-yil 1-yanvardan 2020-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan 30 yillik asosiy davrga tayanadi.
Loyiha rahbari, professor Rendani Mbuvxaning aytishicha, indeks iqlim o‘zgarishlari tendensiyalarini tahlil qilish va ularning iqtisodiyotning turli sohalariga ta’sirini o‘rganishda keng foyda beradi.
Sinov bosqichida ikki yirik sug‘urta kompaniyasining yo‘qotishlar tarixi indeks ma’lumotlari bilan solishtirilganida, ekstremal ob-havo hodisalari va moliyaviy zararlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik aniqlangan.
Indeks foydalanuvchilarga yuqori va past haroratlar, kuchli yomg‘ir, hamda qurg‘oqchilik davrlarini 1981-yilgacha bo‘lgan orqaga qarab kuzatish imkonini beradi.
Mbuvxa kelajakda ushbu tizimni bashoratli ssenariylar va boshqa Afrika mamlakatlarini qamrab oluvchi shaklga kengaytirishni rejalashtirgan.
“Biz bu indeks sug‘urta, moliya va boshqa sohalarda iqlim xavfini inobatga olgan qarorlar qabul qilishda asosiy vositaga aylanishini umid qilamiz,” — dedi Mbuvxa.

