AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadaga nisbatan boj stavkalarini yana 10 foizga oshirishini e’lon qildi. U bu qarorni Dunyo seriyasi (World Series) paytida namoyish etilgan reklama roligiga javoban qabul qilganini bildirdi.
Reklama Kanadaning Ontario provinsiyasi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda sobiq prezident Ronald Reyganning “bojlar savdo urushlariga va iqtisodiy falokatga olib keladi” degan so‘zlari ishlatilgan. Tramp bu rolikni “soxta va haqiqatni buzib ko‘rsatuvchi” deb atadi.
Trampning aytishicha, reklama efirdan zudlik bilan olib tashlanishi kerak edi, ammo u World Series o‘yini paytida efirda davom etgan. Shundan so‘ng Tramp Truth Social platformasida:
“Kanadaning bu dushmanona harakati sababli, men boj stavkasini hozirgi darajadan 10 foizga oshiraman,” — deb yozdi.
Ontario hukumati rahbari Dag Ford esa Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan muzokaralardan so‘ng, reklama kampaniyasini dushanbadan to‘xtatishini ma’lum qildi.
Hozircha AQSh Savdo vazirligi, Oq uy yoki Kanada hukumati izoh bermagan.
Trampning qaysi tovarlarga boj qo‘shimchasi qo‘llanishi aniq emas, biroq Kanadaning aksariyat eksport mahsulotlari AQShga USMCA savdo kelishuvi doirasida bojdan ozod.
Shunga qaramay, Tramp avvalroq Kanadadan keltiriladigan ayrim mahsulotlarga 35%, shuningdek metall va alyuminiyga 50% boj joriy etgan edi.
Tramp va Karni bu hafta Malayziyadagi ASEAN sammitida qatnashadi, ammo Tramp Kanada rahbari bilan uchrashishni rejalashtirmaganini aytdi.

