O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi ayrim tadbirkorlarning kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazmalari orqali tushayotgan mablag‘larini qat’iy nazoratga oldi. Maqsad – savdo tushumlarini yashirish holatlariga chek qo‘yish. Ammo iqtisodchilar va soha ekspertlari jarayonning huquqiy asoslari, tekshiruv mezonlarining noaniqligi va «bank siri» buzilayotgan bo’lishi mumkinligidan xavotirda.
Kimlar tekshirilmoqda va qanday chora ko’riladi?
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, tahlillar asosan yuridik shaxslarning rahbar xodimlariga tegishli plastik kartalarga tushayotgan mablag‘lar yuzasidan olib borilmoqda. Aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan soliq bazasini yashirganlik yoki kamaytirganlik uchun summaning 20%i miqdorida jarima qo’llanilishi belgilangan.
Norasmiy xabarlarga ko’ra, ko‘p sonli P2P-tranzaksiyalarga ega hamda yillik aylanmasi 500 mln so‘mdan oshgan kartalar egalaridan tushuntirish xatlari talab qilinmoqda. Biznes vakillariga vaziyatni asoslash yoki aniqlashtirilgan hisobot topshirish uchun 10 kun muhlat berilmoqda.
Iqtisodchilar fikri: «Oqibat emas, sabab bilan kurashish kerak»
Mustaqil iqtisodchilar ushbu nazorat mexanizmida bir qator mantiqiy va huquqiy bo’shliqlar borligini ta’kidlashmoqda.
Xususan, moliyaviy tahlilchi Shuhrat Qurbonov (Kurbanoff.net) muammoga kengroq yondashish zarurligini aytadi:
«Tadbirkorlar nega to‘lovni yuridik shaxs hisobiga emas, shaxsiy kartaga olishni afzal ko‘rayotgani sabablarini o‘rganish vaqti keldi. Balki amaldagi ‘haddan tashqari raqamlashtirish’ning o‘zi odamlarni ‘oq’ hisob-kitobdan ‘kulrang’ yoki ‘qora’ zonaga o‘tishga majbur qilayotgandir?»
Shuningdek, Qozog‘iston tajribasi (3 oy ichida 100 xil shaxsdan 1 mln tengedan ortiq pul tushsa, tekshiruv boshlanishi) kabi aniq mezonlar O’zbekistonda hali ishlab chiqilmagani tanqid qilindi. Yana bir jiddiy masala – «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun. Ekspertlarga ko’ra, Soliq organlari ma’lumotlarni qay tarzda ommaviy tarzda olayotgani va buning qonuniyligi sirligicha qolmoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu borada huquqiy bo’shliqlar ko’pligini, P2P nazorati faqat bank siri talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi shartligini eslatib o’tdi.
Markaziy bank nima deydi? Xavotirga o’rin bormi?
Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning izohlashicha, P2P o’tkazmalar aslida tijorat uchun emas, aholining maishiy ehtiyojlari uchun yaratilgan instrumentdir.
«Do‘konga kirib, to‘lov qilmoqchi bo‘lsangiz, „kartamga tashlab ber“ deganini ko‘rgansiz. Aslida ayrimlar undan biznes maqsadlarida foydalanmoqda. Shuning uchun ham davlat tomonidan P2P-o‘tkazmalarini monitoring qilish dolzarb masala», – deydi regulyator rahbari.
Ma’lumot o’rnida, davlat raqamli tahlil orqali soyadagi iqtisodiyotni jilovlash natijasida 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlashni maqsad qilgan. Markaziy bank bu jarayonda barcha harakatlar qonun doirasida bo’lishi va qonuniy ishlayotgan biznes uchun xavf yo’qligini bildirmoqda.

