Turizm sohasini tubdan yangilash vazifasi doirasida tizim to‘liq loyiha boshqaruviga o‘tkaziladi. Bundan buyon sohada «jozibador manzil – loyiha – infratuzilma – tadbirkor – targ‘ibot – sayyoh» zanjiri asosida tizimli ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Turizm qo’mitasi jurnalistlar bilan media muloqotda ma’lum qildi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar va moliyalashtirish
Turistik maskanlar faoliyatini rivojlantirish maqsadida Qo‘mita huzurida «Turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi» davlat muassasasi tashkil qilinmoqda. Infratuzilmani rivojlantirish uchun joriy yilda jami 950 mlrd so‘m yo‘naltirilmoqda. Xususan, hududlardagi infratuzilmani yaxshilash uchun qo‘shimcha 450 mlrd so‘m ajratiladi. Mazkur mablag‘lar yo‘llarni asfaltlash, elektr va suv tarmoqlarini tortish kabi loyihalarni qamrab oladi.
Shuningdek, davlat tomonidan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash davom etmoqda: joriy yilda 3 va 4 yulduzli mehmonxona qurgan 6 ta tadbirkorga 4 mlrd so‘m miqdorida subsidiya ajratildi.
«Soya»dan chiqarilayotgan ish o‘rinlari
Sohada bandlikni ta’minlash va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilgan. 2026-2027 yillarda turizm va unga yondosh sohalarda jami 40 mingta ish o‘rni tashkil etiladi. Bu jarayonda 24 mingta yangi ish o‘rni yaratilsa, 16 mingta ish o‘rni «soya»dan chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Uzoq muddatli strategik maqsadlar
2030 yilga qadar turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish reja qilingan. Asosiy vazifalar qatorida turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd dollardan oshirish va xorijiy sayyohlar oqimini 20 million nafargacha yetkazish belgilangan. Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan 4 oy davomida yurtimizga 4 mln nafar xorijiy turist tashrif buyurib, ularga ko‘rsatilgan turizm xizmatlari eksporti 1,6 mlrd dollarni (40 foizlik o‘sish) tashkil etdi.

