AQSh prezidenti Donald Tramp yangi immigratsiya tashabbusi Trump Gold Card vizasini taqdim etdi. Dastur xorijliklarga 1 million dollar to‘lash evaziga qisqa muddatda doimiy yashash huquqi olish imkonini beradi.
CNN xabariga ko‘ra, Tramp Oq uyda o‘tkazilgan uchrashuvda yangi vizani “mamlakat uchun muhim qadam” deb atadi. Dasturga oid rasmiy sayt — trumpcard.gov ishga tushirilgan bo‘lib, unda ariza topshirish jarayoni va shartlar batafsil bayon etilgan.
Saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra:
- avval $15 ming miqdorida DHS (Ichki xavfsizlik departamenti) yig‘imi to‘lanadi;
- ariza tasdiqlangandan so‘ng arizachi $1 mln to‘lov qiladi;
- buning evaziga ular AQShda doimiy yashash huquqiga ega bo‘ladi.
Kompaniyalar ham chet ellik xodimlarga homiylik qila oladi, buning uchun ular $2 mln to‘laydi.
Jarayon qancha vaqt oladi?
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatlar topshirilganidan so‘ng jarayon bir necha hafta ichida yakunlanishi mumkin. Nomzodlardan intervyu, qo‘shimcha hujjatlar va davlat bo‘limlari yig‘imlari talab qilinishi ehtimoldan xoli emas. Muvaffaqiyatli arizachilar EB-1 yoki EB-2 toifasida doimiy rezidentlik oladi.
Trump Platinum Card ham joriy etiladi
Saytda yana bir premium variant — Trump Platinum Card — tez orada taqdim etilishi aytilgan. Uning qiymati 5 million dollar bo‘lib, ushbu karta egalari yiliga 270 kungacha AQShda yashashi va AQShdan tashqarida olgan daromadlari uchun soliq to‘lamasligi mumkin.

