AQSh prezidenti Donald Tramp TruthSocial sahifasida Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga 100 foizli yangi bojlar joriy etilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu bojlar mavjud boj ustiga qo‘shimcha tarzda kiritiladi. 1-noyabrdan boshlab barcha muhim dasturiy ta’minotlar uchun eksport nazorati ham joriy etiladi. Prezident bu qarorni Xitoyning oktabr boshida chetga noyob metallar va ular bilan bog‘liq texnologiyalar eksportiga cheklov qo‘ygani bilan izohladi.
Pekin xorijiy mudofaa kompaniyalari va ayrim importyorlarga xomashyo yetkazib berishni taqiqlagan. Tramp bunday amaliyotni “axloqiy uyat” deb atagan.
Bayonotdan so‘ng AQSh bozorlarida pasayish kuzatildi. S&P 500 indeksi 2,7 foizga, Dow Jones esa 879 punktga (1,9 foiz) tushdi. Bitcoin narxi 11-oktabr tongida $105 mingdan pastga tushgan bo‘lsa-da, keyinroq biroz tiklandi. Texnologik kompaniyalar aksiyalari ham arzonlashdi.

