So‘nggi haftalarda bir nechta yirik mintaqaviy banklar korporativ mijozlarga berilgan kreditlarning bir qismini yo‘qotish sifatida hisobdan chiqargach, Wall Street’da AQSh bank tizimi sog‘lomligiga nisbatan tashvishlar kuchaydi. Investorlar bu faqat “birinchi signal” bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
Zions Bank, Western Alliance Bank va investitsion bank Jefferies turli zararli sarmoyalar haqida ma’lum qilib, ularning aksiyalari keskin pasaydi. JPMorgan bosh direktori Jeymi Deymon bu holatga izoh berar ekan:
“Agar bitta tarakan ko‘rsangiz, demak, boshqalari ham bor,” — dedi u investorlar bilan uchrashuvda.
Natijada KBW Bank Index — investorlar kuzatib boradigan banklar indeksi — joriy oyda 7 foizga tushdi.
Bundan tashqari, Federal zaxira ma’lumotlariga ko‘ra, banklar ketma-ket ikkinchi kecha “repo” mexanizmidan foydalanishga majbur bo‘ldi. Bu 2020-yil pandemiyasidan beri birinchi marta kuzatilmoqda. Mazkur tizim banklarga qisqa muddatli likvidlik yetishmovchiligini qoplash uchun obligatsiyalarni garovga qo‘yib, naqd pul olish imkonini beradi.
Zions Bank 50 million dollarlik sanoat va tijorat kreditlarini hisobdan chiqarganini, Western Alliance esa Cantor Group V LLC nomli kompaniya tomonidan firibgarlikka uchraganini bildirdi. Jefferies esa bankrot bo‘lgan First Brands kompaniyasi bilan ishlashdan millionlab dollarlik zarar ko‘rganini e’lon qildi. Shunga qaramay, haftaning oxirida ushbu banklar aksiyalari biroz tiklandi.
2023-yilda ham o‘xshash inqiroz kuzatilgan edi. O‘shanda past foizli kreditlarga haddan ortiq tayanish natijasida Silicon Valley Bank, Signature Bank va First Republic Bank qulagan. Ularning aktivlari keyinchalik JPMorgan tomonidan “yong‘in narxida” sotib olingan edi.
Shunga qaramay, FDIC (Federal Deposit Insurance Corporation) tomonidan 250 ming dollargacha bo‘lgan barcha bank omonatlari kafolatlangan. 1933-yildan buyon, tashkilot yaratilganidan beri, biror omonatchi sug‘urtalangan mablag‘ini yo‘qotmagan.
So‘nggi haftalarda ayrim yirik banklar ham yo‘qotishlarga duch keldi, xususan, Fifth Third Bank “Tricolor” avtokredit kompaniyasi bankrotligi sabab 178 million dollarlik zarar yozib qo‘ydi. Shunga qaramay, yirik banklar buni tizimli xavf emas, balki boshqariladigan yo‘qotishlar sifatida baholamoqda.
Deutsche Bank rahbari Kristian Seving Bloomberg’ga bergan intervyusida shunday dedi:
“Kredit portfelimiz barqaror, hech qanday yomonlashuv yo‘q — biz o‘z holatimizdan ishonchdamiz.”
AQShda hozirda aktivlari $10 mlrd dan $200 mlrd gacha bo‘lgan 120 dan ortiq mintaqaviy banklar faoliyat yuritmoqda. Ular kichik va o‘rta biznes hamda tijorat ko‘chmas mulk loyihalarining asosiy kreditorlari hisoblanadi. Shu bois, ularning moliyaviy muammolari keng iqtisodiyot uchun sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

