Salesforce ma’lumotlariga ko‘ra, Thanksgiving kuni AQShda onlayn xaridlar o‘tgan yilga nisbatan 6% ga ko‘payib, 8,6 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Salesforce e’lon qilgan yangi statistikaga ko‘ra, AQShda Thanksgiving kuni onlayn savdolar o‘tgan yilga qaraganda ancha faollashgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, soat 14:00 ET holatiga kelib xarajatlar 5,8% ga oshib, 2,6 milliard dollarga yetgan. Kun yakuniga kelib jami onlayn xaridlar hajmi 8,6 milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.
Thanksgiving va undan keyingi Black Friday AQShda yilning eng muhim savdo haftaligi boshlanishini anglatadi. Mazkur davr odatda chakana savdo tarmoqlarining yillik tushumining qariyb uchdan bir qismini tashkil qiladi. Biroq bu yil bayram mavsumi Donald Tramp joriy etgan import tariflari tufayli narxlarning oshishi va iqtisodiy noaniqlik bilan birga kelmoqda.
Shunga qaramay, amerikalik xaridorlar chegirmalarga qiziqish bildirishda davom etmoqda. Elektronika, kiyim-kechak va sovg‘a toifalarida talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Best Buy kompyuterlar va smartfonlarga bo‘lgan ehtiyoj oshganini bildirgan bo‘lsa, Gap va Abercrombie & Fitch brendlari ham xaridorlar kayfiyatidan mamnunligini qayd etdi.
Global miqyosda Thanksgiving kuni hozirgacha xarajatlar 13,1 milliard dollarga yetgan. Kun yakuniga borib onlayn savdolar 36 milliard dollardan oshishi prognoz qilinmoqda.
Black Friday esa yana ham yirik ko‘lamdagi xaridlar keltirishi kutilmoqda. Salesforce hisob-kitoblariga ko‘ra, juma kuni global onlayn savdolar 78 milliard dollarni, AQShda esa 18 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin.
Mastercard va boshqa yirik tahlilchilarning prognozlariga ko‘ra, bu yilgi bayram mavsumi nisbatan sustroq o‘tishi, asosiy o‘sish esa katta aksiyalar va chegirmalar hisobiga ta’minlanishi mumkin.
Salesforce sentabr oyida AQShning 2025-yilgi bayram mavsumidagi onlayn xaridlari sekinroq o‘sishini bashorat qilgan edi — 1 noyabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda savdolar 2,1% ga ko‘tarilib, 288 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 4% bo‘lgan.

