Global aksiyalar bozori haftani pasayish bilan yakunlamoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
AQShdagi mintaqaviy banklar sog‘lomligiga oid xavotirlar investorlarni xavfli aktivlardan uzoqlashishga majbur qildi. Natijada, obligatsiyalar va “xavfsiz” valyutalar iyena hamda Shveytsariya franki talab oshgan aktivlar qatoriga kirdi.
S&P 500 indeksi fyucherslari 1,2 foizga tushdi, bu AQShdagi ikki mintaqaviy bank firibgarlik gumoni ostidagi kreditlar tufayli zarar ko‘rganini bildirganidan keyin sodir bo‘ldi. Yevropa va Osiyo bozorlarida ham shunga o‘xshash pasayishlar kuzatildi. Yevropa banklari indeksi 2,9 foizga, Deutsche Bank aksiyalari esa 6 foizdan ortiqqa kamaydi.
Kredit bozoridagi xavf ko‘rsatkichlari ham oshmoqda. Bank obligatsiyalariga bog‘liq kredit defolt svoplari (CDS) indeksi so‘nggi bir oy ichida eng katta o‘sishni qayd etdi. AQShning 10 yillik obligatsiyalar rentabelligi esa 3,96 foizgacha pasaydi.
Bozor ishtirokchilari bu jarayonni “moliyaviy siklning oxirgi bosqichi” belgisi sifatida talqin qilmoqda. Tikehau Capital kompaniyasining kapital bozorlari strategiyasi bo‘yicha rahbari Rafael Tyuen:
“Bu holat kredit siyosatidagi bo‘shashish va haddan tashqari ishonch belgilarini ko‘rsatmoqda. Aksiyalar narxining yuqoriligi va foyda olish istagi sarmoyadorlarni ehtiyotkorlikka undamoqda,” — deydi.
Boshqa tomondan, ayrim tahlilchilar hozirgi holatni haddan tashqari xavotirli deb hisoblamaydi. Axiom Alternatives Investments tadqiqot rahbari Jerom Legras shunday dedi:
“Bugungi harakatlar tizimli xavf emas, balki qisqa muddatli reaksiya. 2007-yildagi inqiroz bilan solishtirish asossiz.”
Bozor tahlilchilari AQShdagi avto ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchisi First Brands Corp. inqirozi ham kredit tizimiga bosim o‘tkazayotganini ta’kidlamoqda. Shu bois, mintaqaviy banklar ETFlariga qisqa pozitsiyalar (short interest) ulushi 18,4 foizdan 30 foizgacha oshgan.
Mutaxassislar fikricha, investorlar yaqin haftalarda AQSh kredit bozori barqarorligiga va bank sektoridagi holatga alohida e’tibor qaratadi.

