AQSh hukumati faoliyatining to‘xtashi natijasida iqtisodiy ma’lumotlarning e’lon qilinmasligi Yaponiyadan tortib boshqa davlatlardagi siyosatchilar uchun ham noaniqlik yaratmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotidagi vaziyat global savdo, valyuta kurslari va inflyatsiya prognozlariga bevosita ta’sir qilmoqda.
Yaponiya markaziy banki rahbari Kadzuo Ueda bu vaziyatni “jiddiy muammo” deb atadi va AQShdagi ma’lumotlar uzilishi ularning foiz stavkalarini oshirish bo‘yicha qarorlarini murakkablashtirayotganini aytdi.
Bir yapon amaldori esa yanada keskinroq fikr bildirdi:
“Bu hazilga o‘xshaydi. Federal rezerv raisi Pauell siyosat ‘ma’lumotlarga tayanadi’ deydi, lekin hozir hech qanday ma’lumot yo‘q,” — dedi u.
AQShdagi siyosiy beqarorlik, jumladan, prezident Donald Trampning Federal rezerv ustidan ta’sirini oshirishga urinishi va Mehnat statistika byurosi rahbarini ishdan olgani xalqaro moliya institutlarining ishonchini ham susaytirgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) “Global iqtisodiy istiqbol” hisobotida shunday ogohlantiradi:
“Siyosiy bosimlar texnik institutlarga bo‘lgan ishonchni yemirishi mumkin. Bu markaziy banklar uchun to‘g‘ri siyosiy qaror qabul qilishni qiyinlashtiradi va xatolik xavfini oshiradi.”
Shu bilan birga, Federal rezerv o‘zining mustaqil tarmog‘i orqali iqtisodiy faoliyatni kuzatishda davom etmoqda, xususiy sektor esa muqobil ma’lumot manbalarini taqdim qilmoqda. Ammo mutaxassislar fikricha, bu vaqtinchalik yechimlar “to‘liq rasmni” bera olmaydi.
Peterson instituti prezidenti Adam Posenning so‘zlariga ko‘ra, AQShdagi siyosiy tartibsizlik va statistik tizimga nisbatan ishonchsizlik oxir-oqibat global valyuta zaxiralari boshqaruviga ham ta’sir ko‘rsatadi.
XVJ hozircha global o‘sish prognozini 3,2 foiz darajasida saqlab qolgan bo‘lsa-da, AQSh ma’lumotlarining to‘xtashi bilan dunyo iqtisodiy manzarasi tobora “tumanli” bo‘lib bormoqda.
“Vaqt o‘tgan sayin noaniqlik ortadi, demak, siyosiy xatolik ehtimoli ham ko‘payadi,” — deydi Robert Kan, “Eurasia Group” tahlilchisi.

