Buyuk Britaniya Xitoy bilan aloqalarini yashirayotgani va muhim josuslik ishini ataylab to‘xtatgani uchun tanqid ostida qoldi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
So‘nggi haftalarda Xitoy foydasiga josuslikda ayblangan ikki britaniyalik — Kristofer Kesh va Kristofer Berri ustidan ish to‘satdan bekor qilindi. Razvedka idoralari — MI5 va MI6 bu qarordan norozi bo‘lib, bunga Bosh vazir Keyr Starmer va uning milliy xavfsizlik maslahatchisi Jonatan Pauellni ayblamoqda. Ularning fikricha, hukumat Xitoyni g‘azablantirmaslik va savdo aloqalarini saqlab qolish uchun ishni to‘xtatgan.
“Soya ostidagi siyosat” tanqid ostida
Pauell ilgari Shimoliy Irlandiyada tinchlik jarayonini yo‘lga qo‘ygan tajribali diplomat sifatida tanilgan. Ammo endilikda u “soyada ishlaydigan siyosatchi” sifatida tanqidga uchramoqda. U bosh vazirning tashqi siyosat bo‘yicha eng muhim maslahatchisi bo‘lib, Xitoy bilan aloqalarga oid ko‘plab qarorlar aynan uning rahbarligida qabul qilinayotgani aytiladi.
Iyul oyida joriy etilgan Xorijiy ta’sirlarni ro‘yxatga olish tizimida (FIRS) Rossiya va Eron xavfli davlatlar sifatida kiritilgan bo‘lsa-da, Xitoy bu ro‘yxatdan chetda qolgan. Mutaxassislar bu qarorni hukumatning Pekin bilan “yumshoq siyosat” olib borishidan dalolat deb hisoblamoqda.
Xavfsizlik idoralari ogohlantirmoqda
MI5 rahbari Ken Makkallum yaqinda Xitoy bilan bog‘liq navbatdagi kiberxavfni bartaraf etganini ma’lum qildi. Shuningdek, Londonda rejalashtirilgan yangi Xitoy elchixonasi loyihasi ham noma’lum sababga ko‘ra kechiktirilgan. Bu esa hukumatning xavfsizlik va tashqi siyosatda yagona pozitsiyaga ega emasligini ko‘rsatmoqda.
Ekspertlar: “Britaniya Xitoy emas”
Siyosatshunoslar fikricha, hukumatning maxfiy qarorlari demokratiya tamoyillariga zid.
“Britaniya Xitoy emas, shuning uchun hukumat o‘z siyosatini yashirin olib bormasligi kerak,” — deyiladi tahlilchi Bloomberg sharhida.
Mutaxassislar Starmer hukumatini xalqdan sir tutilayotgan tashqi siyosat va savdo manfaatlarini milliy xavfsizlikdan ustun qo‘yishda ayblamoqda.

