BYD o‘zining yangilangan Seal 05 DM-i 2026 modelini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Model avvalgisidan yanada samaraliroq bo‘lib, u 2000 kilometrgacha masofa bosishi va 100 kilometrga atigi 3 litr yoqilg‘i sarflashi bilan ajralib turadi. Eng e’tiborli jihati — bu yaxshilanishlarga qaramay, narx o‘zgarmagan: mashina 79 800 yuan (taxminan 11 200 dollar)dan sotuvga chiqadi.
Yangi Seal 05 DM-i o‘z o‘lchamlarini saqlab qolgan — 4780×1837×1515 mm, g‘ildirak bazasi esa 2718 mm. Mashinaning burilish radiusi 5,5 metr, bu esa shahar sharoitida qulay boshqaruv imkonini beradi.

Salon jihozlari orasida 8,8 dyuymli raqamli paneli, 10,1 dyuymli multimedia ekrani (BYD DiLink tizimi bilan), uch spikali rul, olti xavfsizlik yostiqchasi, kruiz-kontrol va 508 litrli yukxona mavjud. Shuningdek, avtomobil smartfon orqali masofadan boshqarish funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va olti dinamikali audio tizim bilan jihozlangan.
Texnik tomondan, model beshinchi avlod DM texnologiyasi asosida ishlaydi. U 1,5 litrli benzin dvigateli (74 kVt / 99 ot kuchi) va old elektr motor (120 kVt / 161 ot kuchi) kombinatsiyasidan foydalanadi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish vaqti — 7,9 soniya.
Avtomobil 15,87 kVt/soat sig‘imdagi Blade akkumulyatori bilan jihozlangan bo‘lib, bu 128 km elektr yurish masofasini ta’minlaydi. Umumiy gibrid rejimdagi yurish masofasi 2000 kmni tashkil etadi, NEDC sikli bo‘yicha yoqilg‘i sarfi esa 3,08 l/100 kmdan oshmaydi.
Financial Press, avvalroq, Chevrolet Tracker Caramelo taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

