Amerikaning mustaqil iste’molchi tashkiloti Consumer Reports 2025-yil uchun eng ishonchli avtomobil brendlari reytingini e’lon qildi. Tadqiqot natijalari yana bir bor yapon avtomobilsozligi ishonchlilik bo‘yicha bozorda yetakchi ekanini ko‘rsatdi.
Reyting 2000–2025 yillar oralig‘ida ishlab chiqarilgan 380 mingdan ortiq avtomobillar bo‘yicha foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida shakllantirildi. Baholash jarayonida avtomobillarning yo‘l sinovlari, uzoq muddatda ishonchlilik darajasi, egalarning qoniqish ko‘rsatkichlari va xavfsizlik parametrlari inobatga olindi.
Eng yuqori baholangan avtomobil brendlari
1-o‘rin – Subaru
2025-yil reytingida Subaru birinchi o‘rinni egalladi. Kompaniya modellari, xususan Forester va Impreza, mustahkamlik, kam nosozlik va xizmat muddati bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etdi.
2-o‘rin – BMW
BMW yuqori aniqlikdagi injiniring va barqaror ishlashi tufayli reytingning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi. Premium segmentda u eng ishonchli brend sifatida qayd etildi.
3-o‘rin – Porsche
Porsche modeli sifat, texnologik takomillik va uzoq muddatli ishonchlilik bo‘yicha reytingning kuchli uchligidan o‘rin oldi.
4-o‘rin – Honda
Honda hamisha bo‘lgani kabi ishonchli brend sifatida o‘z mavqeini saqlab qolgan. Uning modellari umumiy ta’mirlash xarajatlarining pastligi va yuqori barqarorligi bilan ajralib turdi.
5-o‘rin – Toyota
Toyota avtomobillari uzoq xizmat muddati va kam nosozliklari tufayli yuqori baholandi. U Consumer Reports reytinglarida ko‘p yillardan buyon yetakchilar safidan o‘rin olib keladi.
6-o‘rin – Lexus
Toyota’ning premium segmentdagi brendi Lexus ham yuqori sifat darajasi, kam texnik muammo va yuqori mijoz qoniqishi bois reytingning yuqori qismidan joy oldi.

Reytingning pastki pog‘onalari
Reytingda past o‘rinlarni Jeep va Land Rover egalladi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu brendlar avtomobillarida nosozliklar chastotasi yuqoriroq bo‘lgani, ta’mirlash xarajatlari ko‘paygani va ayrim modellar uzoq muddatli sinovlarda barqaror natija ko‘rsata olmagani bois past ball to‘plagan.
Tadqiqot metodologiyasi
Consumer Reports reytingi keng ko‘lamli statistik ma’lumotlarga asoslanadi. So‘nggi 25 yil davomida avtomobil egalari tomonidan bildirgan texnik muammo va ta’mirlash haqidagi ma’lumotlar, shuningdek xavfsizlik sinovlari natijalari tahlil qilinadi. Bu uslub reytingni bozordagi eng ishonchli va eng puxta tadqiqotlardan biriga aylantiradi.

