ACLED tashkiloti ogohlantirishicha, G‘arbiy Afrikadagi jangari guruhlar o‘rtasidagi raqobat mintaqani London–Rim masofasiga teng bo‘lgan keng hudud bo‘ylab yagona isyonchilar koridoriga aylantirishi mumkin. Zo‘ravonlikning kuchayishi millionlab odamlarni ko‘chirishda davom etmoqda.
Washingtonda joylashgan ACLED tahlil markazi hisobotida aytilishicha, Mali dan Nigeriya gacha cho‘zilgan mintaqada faoliyat yuritayotgan islomchi guruhlar tobora bir-biriga yaqinlashib, hudud ustidan nazorat uchun kurashni kuchaytirmoqda. So‘nggi yillarda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan, millionlab aholining ko‘chishiga sabab bo‘lgan zo‘ravonlik mintaqani global jihodchilik markaziga aylantirgan.
Hisobot Rossiyaning Niger, Burkina-Faso va Mali harbiy hukumatlari bilan tuzgan xavfsizlik hamkorliklarining zaifligini ham namoyon qilgani qayd etiladi. ACLED ma’lumotlariga ko‘ra, Malining ayrim hududlarida zo‘ravonlik darajasi 1997-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan.
Mintaqadagi to‘ntarishlar — iqtisodiy inqiroz, korrupsiya, gumanitar tanglik va iqlim o‘zgarishlari bilan kuchaygan ekstremizmni yanada keskinlashtirgan. Agar hozirgi tendensiya davom etsa, ACLED 2026-yilda Markaziy Sahelda va uning janubiy chegara hududlarida yanada chuqur beqarorlik yuzaga kelishi mumkinligini ogohlantirmoqda.
ACLEDning G‘arbiy Afrika bo‘yicha katta tahlilchisi Heni Nsai’biaga ko‘ra, 2026-yilda Benin, Niger va Nigeriya chegaralarida yangi “jangarilar fronti” shakllanmoqda. Bu hududda guruhlar o‘rtasidagi raqobat kuchayishi kutilmoqda.
Saheldagi isyonlarning janubga tomon yoyilishi Benin uchun ham eng notinch yilni keltirdi. Yakshanba kuni sodir etilgan muvaffaqiyatsiz to‘ntarish arafasida mamlakatda o‘lim holatlari 70% ga ko‘paygan. Bunga JNIM — “Jamoat Nasr al-Islom val-Muslimin” — jangari guruhining Sharqiy Burkina-Fasodan qilgan hujumlari sabab bo‘lgan.
JNIM bir necha yillardan beri Malida faollik yuritar, keyinchalik Burkina-Faso va Nigerdagi hududlarga ham kengaygan edi. ACLED ma’lumotlariga ko‘ra, guruh 2024-yil oktabrda ilk bor Nigeriyada hujum uyushtirgan va hozir mamlakatning g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy hududlarida o‘z mavqeini mustahkamlab olgan.
Bu esa Nigeriya prezidenti Bola Tinubu uchun qo‘shimcha bosim yaratmoqda. U allaqachon xavfsizlik bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilgan, yangi mudofaa rahbarini tayinlagan. Bu orada AQSh prezidenti Donald Tramp Nigeriyada nasroniylarga qarshi genotsid bo‘layotgani haqida asossiz da’volar bilan siyosiy bosimni kuchaytirgan.
Benin–Niger–Nigeriya chegaralarida yangi frontning paydo bo‘lishi Nigeriya armiyasini yanada charchatmoqda. Mamlakat allaqachon Chad ko‘li havzasida Boko Haram va ISWAP bilan kurash olib bormoqda.
Nsai’biaga ko‘ra, Saheldagi JNIM va “Islomiy davlat – Sahel viloyati” kabi guruhlarning Nigeriyadagi Boko Haram, ISWAP va Ansaru kabi jangarilar bilan faoliyatining kesishishi mintaqaviy isyonchilikning yangi bosqichidan darak beradi.
Uning ogohlantirishicha, jangarilar bosimi, zaiflashgan mahalliy militsiyalar va davlat tuzilmalari legitimligi pasayishi mintaqada siyosiy beqarorlik xavfini oshirmoqda. Malida yoki Burkina-Fasoda yangi qo‘zg‘olonlar, ekstremistlar tomonidan iqtisodiy blokadalar yoki hududlar ustidan nazoratning yo‘qolishi “domino effekti”ni yuzaga keltirishi mumkin.

