Germaniya iqtisodiyotini jonlantirish yo‘lidagi eng katta muammolardan biri — bu mamlakatning kengayib borayotgan ijtimoiy tizimi ekani tobora ayon bo‘lib bormoqda. Ijtimoiy xarajatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 31,2 foizini tashkil etmoqda, bu esa tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib kompaniyalar va xodimlar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy badallar ishchilarning yalpi daromadining qariyb 53 foizigacha yetadi. Germaniyada mehnat soliqlari OECD mamlakatlari orasida ikkinchi o‘rinda turibdi.
Kansler Fridrix Mers boshchiligidagi hukumat koalitsiyasi ijtimoiy tizimni isloh qilish bosimi ostida qolgan. Ayrim iqtisodchilar yuqori ijtimoiy badallarni “iqtisodiyot uchun sof zahar” deb atamoqda, boshqalar esa tizimni barqarorlashtirish uchun keng qamrovli islohotlarni talab qilmoqda.
Germaniyada ijtimoiy himoya tizimi 19-asr oxirida Otto fon Bismark davridan beri davlat siyosatining muhim qismi hisoblanadi. Ammo bugun aholining tez qarib borayotgani tufayli pensiya, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish tobora og‘irlashmoqda. Bu esa kompaniyalar uchun xarajatlarni oshirib, ularni Germaniyada investitsiya qilishdan tiyadi.

“Ishlab chiqarishga joy tanlashda hozir Germaniya birinchi o‘rinda turgan mamlakat emas,” — deydi Myunxendagi Ifo instituti iqtisodchisi Andreas Payxl. “Agar islohotlar bo‘lmasa, soliqlar oshadi, bu esa investorlarni o‘ylantirib qo‘yadi.”
O‘tgan yili Germaniya byudjetining chorak qismi pensiyalarni moliyalashtirishga ketgan. Ijtimoiy xarajatlar 2024 yilda 1,3 trillion yevroga yetdi. Natijada avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi Bosch kompaniyasi 13 mingta ish o‘rnini qisqartirishga majbur bo‘ldi.
Sanoat uyushmalari ham ogohlantirmoqda: agar hukumat ijtimoiy xarajatlarni nazoratga olmasa, Germaniyaning raqobatbardoshligi yanada pasayadi. IMD biznes maktabining 2025 yilgi reytingida mamlakat 19-o‘rinni egalladi — bunga aynan yuqori ijtimoiy xarajatlar sabab qilib ko‘rsatilgan.
Kansler Mers bu borada keskin bayonot bilan chiqdi:
“Bizda hozirgi shakldagi ijtimoiy tizim mavjud iqtisodiy imkoniyatlar bilan moliyalashtirilmaydi,” — dedi u.
Ammo ijtimoiy ishlar vaziri Berbel Bas bunga javoban bu fikrni “bema’nilik” deb atadi. Shunga qaramay, hukumat bir qator kichik islohotlarni ma’qulladi, jumladan, ishga chiqmaganlar uchun ishsizlik nafaqalarini qisqartirish.
Kelasi yildan boshlab pensiya tizimida ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi: nafaqadan keyin ishlayotganlar oyiga 2 ming yevrogacha daromadni soliqsiz olish huquqiga ega bo‘ladi, 6–18 yoshli bolalar esa davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan investitsiya hisobiga oyiga 10 yevro oladi.
Iqtisodchilar esa buni yetarli deb bilmaydi. Ularning fikricha, pensiya yoshini umr davomiyligiga bog‘lash va ijtimoiy tizimni uzoq muddatli barqarorlikka yo‘naltirish zarur.
Iqtisodiy ekspert Veronika Grimm shunday deydi:
“Germaniyada ijtimoiy xarajatlar iqtisodiy o‘sishdan tezroq ortmoqda. Avval biz buni tinchlik davridagi iqtisodiy farovonlik bilan qoplab kelganmiz. Endi esa qarz hisobiga yashayapmiz — bu uzoq davom etolmaydi.”
Natijada Germaniya hukumati oldida og‘ir tanlov turibdi: ijtimoiy himoya tizimini qisqartirish yoki iqtisodiy raqobatbardoshlikni yo‘qotish. Har ikki holatda ham mamlakatning iqtisodiy kelajagi xavf ostida qolmoqda.

