Great Wall Motors Xitoy bozorida yangi Haval H9 Off-Road Edition modelini namoyish qildi. Maxsus yo‘ltanlamas $36 ming narxda taklif etiladi va og‘ir yo‘l sharoitlari uchun qayta moslashtirilgan.
Yangi versiya H9’ning klassik dizaynini saqlagan holda yanada dag‘al va amaliy tashqi ko‘rinishga ega bo‘ldi. Kengaytirilgan gorizontal panjaralar, yangilangan optika, kattaroq o‘lchamlar va off-road burchaklarining yaxshilanishi avtomobilning murakkab hududlarda harakatlanish imkoniyatini kuchaytirgan.

Model o‘lchamlari: uzunligi — 5070 mm, kengligi — 1976 mm, balandligi — 1960 mm, g‘ildirak bazasi — 2850 mm. Klirens 235 mm bo‘lib, avvalgi versiyadan 11 mm yuqori. Kirish burchagi 31° dan 33° ga, chiqish burchagi esa 26° ga oshirilgan.
Eng katta yangilik — ikki yonilg‘i bakining joriy etilishi.
78 litr va 53 litrdan iborat bo‘lgan baklar umumiy 131 litr sig‘imni ta’minlaydi. Bu H9’ga CLTC sikliga ko‘ra taxminan 1400 km masofa bosib o‘tish imkonini beradi.
Salon qora-jigarrang ranglarda bezatilgan. Ichki qism H9’ning avvalgi dizayniga mos bo‘lib, 10,25 dyuymli raqamli panel, 14,6 dyuymli markaziy sensorli ekran, ventilyatsiya va isitishga ega old o‘rindiqlar hamda bir qator haydovchi yordamchi tizimlarini o‘z ichiga oladi.
Kaput ostida 2,4 litrli dizel dvigatel joylashgan. Uning quvvati 186 ot kuchi, maksimal aylanish momenti 490 Nm. U 9 pog‘onali avtomat uzatma va to‘liq uzatma tizimi bilan birgalikda ishlaydi. Model old va orqa differensiallarni bloklash imkoniyati bilan to‘liq off-road imkoniyatini taqdim etadi.

