Hindistonda yirik banklar, xususan State Bank of India boshchiligidagi guruh qo‘shilish va sotib olish (M&A) bitimlarini moliyalash bo‘yicha amaldagi cheklovni ikki baravar oshirishni taklif qildi. Bu mamlakatda keskin o‘sib borayotgan bitimlar bozorida mahalliy banklarning raqobatbardoshligini kuchaytirishi mumkin.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, banklar tartibotga ko‘ra M&A moliyalashiga qo‘yilgan limitni bankning asosiy kapitalining 10 foizidan kamida 20 foizgacha oshirishni so‘ragan. Taklif Hind Banklari Assotsiatsiyasi tomonidan tartibga soluvchi organ — Hindiston Rezerv bankiga (RBI) taqdim etilgan.
RBI oktyabr oyida mahalliy banklarga birinchi marotaba qo‘shilish va sotib olish bitimlarini moliyalashga ruxsat bergan edi. Bungacha bunday amaliyot faqat xorijiy banklar — Citigroup, Barclays kabi yirik institutlar tomonidan amalga oshirib kelingan, chunki ularga M&A kreditlari bo‘yicha 10 foizlik cheklov qo‘llanilmaydi.
Mahalliy banklar esa tartibga solish va aktivlar sifati bo‘yicha xavotirlar sabab uzoq yillar davomida M&A bitimlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirishdan cheklangan edi. Natijada Hind kompaniyalari ko‘pincha xorijiy kreditorga yoki kapitallar bozoriga murojaat qilardi.
Banklar kiritgan taklif hali qabul qilinmagan va RBI uni ma’qullashi kafolatlanmagan.
Hindistonda bitimlar bozori hozirda sezilarli jonlanish bosqichida. 2025-yil davomida e’lon qilingan M&A bitimlarining umumiy hajmi 69 milliard dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 18 foizdan ko‘proq o‘sishni ko‘rsatmoqda. Bu jarayon korporativ balanslarning sog‘lomlashuvi, qarzdorlikning kamayishi va kuchli ichki talab bilan izohlanmoqda.

