Hindiston Rezerv banki (RBI) chorshanba kuni depozit sertifikatlarini tokenlashtirish bo‘yicha sinov loyihani yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tokenlashtirish — bu aktivlarni (masalan, depozitlar, aksiyalar yoki obligatsiyalarni) blokcheynda raqamli ko‘rinishda ifodalash jarayoni bo‘lib, u orqali tranzaksiyalarni yanada tez, arzon va xavfsiz amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
RBI mazkur sinovda Markaziy bankning raqamli valyutasi (CBDC) ning ulgurji segmentini asosiy qatlam sifatida qo‘llaydi, dedi bankning bosh boshqaruvchisi Suvendu Pati seshanba kuni Mumbayda o‘tkazilgan tadbirda. Unga ko‘ra, loyiha bir necha tijorat banklari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
“Tokenlashtirilgan aktivlarning qonuniyligi va ishonchliligini ta’minlash muhim. Ammo ushbu jarayondagi xatarlar nazorat ostida bo‘lishi mumkin va ularni regulyator nazorat choralari orqali boshqarish mumkin,” — dedi Pati.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank yaqin kelajakda pul bozori instrumentlari, jumladan tijorat qog‘ozlarini (commercial papers) tokenlashtirish imkoniyatlarini ham sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

