Ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan foydalanuvchilar roziligisiz pul yechib olingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holatdan jabr ko‘rganlar Telegram’da maxsus guruh tuzib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini bildirishmoqda.
O‘tgan dam olish kunlaridan boshlab Facebook’dagi “Potrebitel.uz” kabi sahifalarda Humans ilovasi orqali turli bank kartalaridan ruxsatsiz pul o‘tkazmalari amalga oshirilayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilar izohlarida aytilishicha, ayrimlar kartalaridan pul yechilgani to‘g‘risidagi bildirishnomani Humans ilovasida ko‘rmagan, vaziyat faqat boshqa ilovalar orqali ma’lum bo‘lgan. Bu esa masalaning ko‘lami yanada kengroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Jabrlanganlar tomonidan taqdim etilgan skrinshotlarda kartalardan turli summalarda mablag‘lar yechib olingani aks etgan. Kun oxiriga kelib, ayrim foydalanuvchilar Humans tomonidan SMS olgani, unda xavfsizlik choralari sifatida parolni zudlik bilan yangilash va kartalarni ilovadan vaqtincha uzib qo‘yish tavsiya etilgani aytilmoqda.
Podrobno.uz nashri Humans texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha izoh oldi. Kompaniya vakillari ayrim akkauntlarga noqonuniy kirish bilan bog‘liq firibgarlik sxemasi aniqlanganini, ruxsatsiz tranzaksiyalar amalga oshirilgani holatlari qayd etilganini bildirgan. Ularning ma’lum qilishicha, to‘plangan barcha ma’lumotlar tegishli davlat organlariga topshirilgan va rasmiy tergov boshlangan. Shunga qaramay, kompaniya hali ommaviy bayonot bermagan.

Telegram’da jabr ko‘rganlar tashabbusi bilan “STOP Humans” nomli guruh ham ochilgan bo‘lib, guruh a’zolari ketma-ket o‘xshash hodisalar haqida xabar bermoqda. Ular bir nechta OAV va tegishli idoralarga murojaat qilganini ham ma’lum qilishgan.

