Toshkentda “Ipak yo‘lida turizm” 30-yubiley xalqaro turizm yarmarkasi boshlandi.
2024-yilda yarmarka 1500 dan ortiq mahalliy va xorijiy ishtirokchini, shuningdek, 30 dan ortiq mamlakatdan 13 500 dan ortiq tashrifchini qabul qilgan. Shu yilgi “Hosted Buyers” dasturi doirasida 7 xorijiy va 30 dan ortiq mahalliy va xalqaro sayyohlik kompaniyasi ishtirok etgan. Shuningdek, turizm sohasi vakillari 8 mingdan ortiq shartnoma imzolagan va 20 mingdan ortiq muzokaralar o‘tkazgan.

TXTY-2025 tadbiri butun dunyodan turizm biznesi mutaxassislarini birlashtiradi. Yarmarka doirasida:
- 300 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirokidagi sayyohlik ko‘rgazmasi,
- 30 dan ortiq mamlakatdan 200 dan ortiq oshpaz ishtirokidagi Xalqaro oshpazlar chempionati,
- jurnalistlar, blogerlar va turizm targ‘ibotchilari uchun “Media Campus” interaktiv maydoni,
- aviatsiya, ta’lim, ekologiya va ziyorat mavzularida forumlar va sessiyalar,
- B2B uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda turizm xizmatlari va hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kabi tadbirlar tashkil etiladi.





Shuningdek, TXTY-2025 maydonchasiga mahalliy aholi, MDH, Osiyo va Yevropa davlatlaridan keladigan 15 ming nafargacha tashrif buyuruvchi kelishi kutilmoqda. Tashrifchilar yarmarkada yangi turistik yo‘nalishlar, mamlakatlarning madaniyati va an’analari bilan tanishish, shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yangi sayyohlik maskanlarini baholash imkoniga ega bo‘ladilar.
“Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok turizm sohasidagi mutaxassislar va sayohat ishqibozlari uchun quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Tadbirkorlik bitimlarini amalga oshirish;
- Yangi hamkorlarni izlash;
- Soha rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash;
- Turizm mahsulotlarini ommalashtirish;
- Yangi tendensiyalar bilan tanishish;
- Marketing tadqiqotlarini o‘tkazish.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yirik kompaniyalar va vakolatxonalarning mamlakatga jalb etilishiga, kiruvchi va chiquvchi yo‘lovchilar sonining ortishiga, shuningdek, turistik xizmatlarga talabning oshishiga xizmat qilmoqda.

