Apple iPhone Fold smartfonini 2026-yilda iPhone 18 seriyasi bilan birga taqdim etishi mumkin. Tom’s Guide nashri qurilma haqida hozircha ma’lum bo‘lgan taxminiy tafsilotlarni oshkor qildi.
Tahlilchilar iPhone Fold’ning narxi taxminan $2 ming atrofida bo‘lishini kutmoqda — bu Galaxy Z Fold 7 darajasiga yaqin. Apple uni premium toifadagi yangi avlod qurilmasi sifatida bozorga chiqarishi kutilmoqda.

Dizayn
Yangi model tashqi ko‘rinishda go‘yoki ikkita iPhone Air’ning birlashtirilgan variantiga o‘xshashi mumkin. Korpus titanium va alyuminiy aralashmasidan tayyorlanishi aytilmoqda. Ochilgan holatda iPhone Fold Apple tarixidagi eng yupqa iPhone bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Displey
Qurilma ikkita ekran bilan taqdim etilishi kutilmoqda:
- ichki bukiladigan displey — 7,8 dyuym,
- tashqi ekran — 5,5 dyuym.
Samsung Display ekranni yetkazib berishi mumkin. Eng muhim jihat: Apple bukilish izini deyarli sezilmaydigan darajaga tushirish ustida ishlayotgani aytilmoqda.

Kamera va xavfsizlik
Kamera tizimi haqida hozircha ko‘p ma’lumot yo‘q. Biroq Apple bu modelda dizayn va yupqalikka ustuvorlik berishi mumkin. Ichki ekran ostida yashirin kamera sinovdan o‘tayotgani, shuningdek, uzun tanaffusdan so‘ng Touch ID qaytishi mumkinligi haqida ma’lumotlar bor. Face ID esa keyingi avlodga qoldirilishi ehtimoli tilga olinmoqda.
Texnik xususiyatlar
iPhone Fold quyidagi imkoniyatlar bilan chiqishi kutilmoqda:
- yangi A-seriyali protsessor,
- kamida 12 GB tezkor xotira,
- 256 GB doimiy xotira,
- 5000–5500 mA·soat sig‘imli batareya.
iOS 27 esa aynan bukiladigan iPhone uchun maxsus moslashtirilgan interfeys bilan taqdim etiladi.

Mutaxassislar fikricha, iPhone Fold bukiladigan smartfonlar bozorida keskin raqobat yaratadi va Apple’ni ushbu segmentda muhim o‘ringa olib chiqishi mumkin. Qurilmaning chiqarilishi butun sanoat uchun yangi standartlar belgilashi ham istisno emas.

