Yaponiyaning Kawasaki Heavy Industries kompaniyasi Germaniyaning Taurus qanotli raketalari uchun yangi dvigatellarni hamkorlikda ishlab chiqish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, Kawasaki may oyida Tokioda o‘tgan mudofaa ko‘rgazmasi chog‘ida loyiha bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.
Germaniyada bu raketalar Ukrainaga yetkazilishi mumkinligi haqidagi muhokamalar davom etmoqda. Kansler Fridrix Mers bu masalani rad etmagan, biroq Rossiya bunday qarorni Germaniyaning urushda “to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtiroki” sifatida baholashini aytgan.
Yaponiyaning bu loyihadagi ishtiroki esa murakkabliklarni oshiradi, chunki Tokio hozircha qurollarni jangovar mojarolarda ishtirok etayotgan davlatlarga eksport qilishni taqiqlagan. Shunga qaramay, Yaponiya so‘nggi yillarda ushbu cheklovlarga bir necha istisno kiritgan — masalan, Britaniya va Italiya bilan birgalikda ishlab chiqilayotgan qiruvchi samolyot eksportiga va Patriot raketalarining AQShga yetkazilishiga ruxsat berilgan.
Germaniya hukumati yil oxirigacha Taurus raketalarini modernizatsiya qilish loyihasini parlamentga taqdim etishni rejalashtirmoqda. Yangilangan Taurus NEO modeli uchun taxminan 600 dona raketa xarid qilinadi, yetkazib berish esa 2029-yilda boshlanishi kutilmoqda.
Kawasaki bu loyihaga yengilroq va energiya samarador dvigatel ishlab chiqish tajribasi sababli jalb etilgani aytilmoqda. Kompaniya hozirda Yaponiyaning harbiy ehtiyojlari uchun uzoq masofali kemaga qarshi raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazmoqda.

