Janubiy Koreya va AQSh $350 milliard dollarlik investitsiya majburiyatining yakuniy tafsilotlari, jumladan, valyuta almashinuvi (swap) liniyasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Seulning yuqori darajadagi amaldorlari prezident siyosiy maslahatchisi Kim Yong-bom va Savdo vaziri Yeo Han-koo shu hafta Vashingtonda muzokaralar o‘tkazmoqda. Ular bu kelishuvni Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik sammitiga qadar yakunlashni maqsad qilgan.
So‘nggi ikki oyda muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, chunki tomonlar $350 mlrd investitsiya fondining amalga oshirilishi bo‘yicha kelisha olmayapti. Bu kelishuv AQShning Koreya mahsulotlariga solinadigan bojlarni 15% darajasida cheklashini ko‘zda tutgan edi, biroq tafsilotlar aniqlanmagani sababli Koreya avtomobillariga 25% tarif hali ham saqlanib qolmoqda.
Prezident Donald Tramp investitsiya paketining “oldindan to‘liq amalga oshirilishini” talab qilgan, biroq Koreya bu miqdor mamlakatning valyuta zaxiralarining 80% dan ortig‘ini tashkil qilishini aytib, bunga qarshi chiqmoqda. Seul rasmiylari bunday chiqim von kursini zaiflashtirishi mumkinligini ta’kidlab, AQShdan valyuta svopi bitimini so‘ragan.
Moliya vaziri Koo Yun-cheolning aytishicha, investitsiyani bir yo‘la kiritish “valyuta bozoriga bosim keltirishi mumkin”, shuning uchun muqobil tuzilma ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, agar bozor barqarorligi xavf ostida bo‘lsa, svop liniyasi zarurligi va hajmi qayta baholanadi.
Koreya matbuoti xabariga ko‘ra, tomonlar Argentina uslubidagi valyuta svopini muhokama qilmoqda. Bu kelishuv AQSh G‘aznachiligi orqali amalga oshirilishi mumkin, ya’ni u Federal rezerv bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitim shaklida bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, Kim Yong-bom AQSh Boshqaruv va byudjet idorasida “Make American Shipbuilding Great Again” tashabbusi doirasida kemasozlik loyihalarini ham muhokama qilgan. Bu uchrashuv Xitoyning Hanwha Ocean kompaniyasining AQShdagi bo‘limiga sanksiyalar joriy etganidan keyin bo‘lib o‘tgan. AQSh Davlat departamenti Xitoyning bu qarorini “mas’uliyatsiz urinish” deb atadi.

