O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi muzokaralar natijasida E-8 vizasi asosidagi mavsumiy ishchilar dasturi yana tiklandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlik direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreyaning Gyeongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Toshkent viloyati aholisi orasidan ishchilarni tanlab olib, ularni Hapchon, Chongnyang va Miryang hududlarida sakkiz oy muddatga qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, Migratsiya agentligi va Gyeongsangnam-do provinsiyasi o‘rtasida mavsumiy ishchi kuchi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu hujjat Koreya bilan ilgari tuzilgan bitimning amaliy bosqichi hisoblanadi.
Dastur dastlab sinov tariqasida uchta hududda amalga oshiriladi. 2026-yildan boshlab esa o‘zbekistonlik ishchilarning intizomi va samaradorligiga qarab dastur boshqa viloyatlarga ham kengaytiriladi.
Migratsiya agentligi fuqarolardan barcha shartlarga qat’iy rioya qilish va belgilangan muddatda vatanga qaytishni so‘ramoqda. Tashkilot bu talablarni bajarish kelajakda boshqa fuqarolar uchun imkoniyatlarni kengaytirish yoki cheklashda hal qiluvchi omil bo‘lishini ta’kidlagan.

