Londonning eng nufuzli hududlaridagi ijara narxlari hatto yuqori daromadli aholining ham cho‘ntagiga og‘irlik qilmoqda. Endilikda bu bosim shahar atrofidagi nisbatan arzonroq tumanlarga ham tarqalmoqda.
Bloomberg nashrining Spareroom sayti ma’lumotlariga tayanib bergan tahliliga ko‘ra, markaziy hududlardan siqib chiqarilgan ijarachilar Brockley va Bethnal Green kabi joylarga ko‘chib o‘tmoqda. Bu esa poytaxtda qolgan arzon uy-joy variantlarini deyarli yo‘q qilmoqda.
Spareroom direktori Matt Hutchinson shunday deydi:
“Odatda ijara bozori siqilganda, eng qimmat hududlarda narxlar pasayadi, eng arzonlarida esa tez ko‘tariladi. Ammo bu jarayon odamlarga o‘zlariga yoqqan joylardan biroz uzoqroqqa — biroz arzonroq tumanlarga ko‘chishga majbur qiladi.”
Biroq bu “arzon” hududlar ham tezda narx jihatidan oshib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha narxdagi tumanlarda (ijara oylik £876–£966 oralig‘ida bo‘lgan joylarda) xona ijarasi narxlari bir yil ichida 1,3% ga oshgan. Bu markaziy hududlardagi o‘sishdan tezroq.

Bugungi kunda Londonda bitta xona uchun o‘rtacha ijara £1 000 (taxminan $1 328) ni tashkil etadi. Bu esa hayot xarajatlarini yanada oshirib, ko‘plab fuqarolar uchun uy sotib olish uchun jamg‘arishni qiyinlashtirmoqda.
Janubiy Londondagi Clapham hududi ilgari yosh ijarachilar orasida ommalashgan edi. Biroq hozir u yerda o‘rtacha xona narxi £1 000 dan oshgan. Shunga o‘xshash, ammo arzonroq variant izlayotganlar East Dulwich tomon yo‘l olmoqda. Bu yerda o‘rtacha ijara £183 arzonroq bo‘lib, yiliga taxminan £2 200 tejaladi.
Shu bilan birga, o‘rta darajadagi tumanlarda ham narxlar keskin oshmoqda. Masalan, Blackheathda o‘rtacha xona narxi bir yil ichida 9% ga oshib £959 ga yetgan, Brockleyda esa 8% ga o‘sib £911 ni tashkil etgan.
Aksincha, Camden kabi markaziy, talab yuqori bo‘lgan joylarda narxlar biroz pasaygan.
Hozirda Londondagi eng arzon xonalar ham £700 dan kam emas, shu bois ko‘plab odamlar poytaxtdan butunlay voz kechib, St Albans va Brentwood kabi shahar atrofi hududlariga ko‘chmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Londondagi o‘rtacha ijarachi daromadining 42% ini ijaraga sarflagan (Angliya bo‘yicha o‘rtacha 36%). Ayrim tumanlarda bu ko‘rsatkich 50–75% gacha yetgan — xususan, Kensington & Chelsea, Westminster, Camden va Hammersmith & Fulhamda.
Ko‘plab ijaraga beruvchilar hukumatni “ortiqcha tartibga solishlar” orqali bozorni yanada qiyinlashtirishda ayblamoqda. Ular Moliya vaziri Reychel Rivs noyabr oyida e’lon qilinadigan byudjetda ijaradan olinadigan daromadga soliq joriy etishidan xavotirda. Shu sababli ayrim uy egalari bozordan chiqib, mulklarini sotishga qaror qilmoqda.
Matt Hutchinson so‘zlariga ko‘ra:
“Londondagi ijara bozorida uy-joylar yetishmovchiligi tufayli narxlar yuqori bo‘lib qolmoqda. Oylik daromadning 30% dan ortig‘ini ijaraga sarflamaslik me’yoriga rioya qilish deyarli imkonsiz. Shahar hayotini yuritayotgan oddiy mehnatkashlar poytaxtni tark etishga majbur bo‘layapti.”

