Markaziy bank 11-dekabr kungi yig‘ilishda pul-kredit siyosati stavkasini o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida qoldirishga qaror qildi.
Regulyatorning ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida yillik umumiy inflyatsiya 7,5 foizni, bazaviy inflyatsiya esa 6,3 foizni tashkil etdi. Shu munosabat bilan inflyatsiya bo‘yicha prognoz ham yangilandi — yil yakuniga mo‘ljallangan ko‘rsatkich 7,3 foizga pasaytirildi. 2026-yilda inflyatsiya 6,5 foiz darajasida shakllanishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotda o‘sish sur’atlari barqaror: yil yakunida 7–7,5 foiz o‘sish prognoz qilinyapti. Shu bilan birga, oziq-ovqat taklifi, transport xarajatlari, tartibga solinadigan narxlar indeksatsiyasi kabi omillar inflyatsion xatarlarni saqlab turibdi.
Inflyatsiya pasayganiga qaramay, real foiz stavkalari yuqori darajada qolmoqda va milliy valyutadagi jamg‘armalar ortib bormoqda. Moliyaviy inklyuzivlik kengaygani sabab chakana kreditlash tez sur’atda o‘smoqda, bu esa kelgusida inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin.
Markaziy bank pul-kredit sharoitlarini qat’iy darajada ushlab turishini, zarurat tug‘ilganda esa qayta ko‘rib chiqishini bildirdi. Asosiy stavkani navbatdagi muhokama qilish 2026-yil 28-yanvarga belgilangan.

