Abu-Dabidagi FIA matbuot anjumanida McLaren poygachilari o‘zlarini xotirjam tutdi, savollarga kulimsirab javob berdi va do‘stona tarzda munosabat bildirdi. Garchi ular chempionlik uchun keskin kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, har ikkisi ham ushbu hafta yakunida o‘z yondashuvida hech narsa o‘zgarmaganini ta’kidladi.
McLaren rahbariyati doimo qat’iy prinsipni yoqlab keladi: Lando Norris va Oskar Piastri teng sharoitda va teng imkoniyatlar bilan poygaga chiqadi. Shu bois, chempionlik taqdirini hal qiluvchi musobaqa oldidan ham ular bir-biriga nisbatan iliq munosabatni saqlab qolgan.
Oskar Piastri bu borada shunday dedi:
«Biz trekdagi raqobatni aynan trekda qoldiramiz va unga qaramay, tashqarida do‘stona munosabatni davom ettiramiz — bu yaxshi, deb o‘ylayman. Albatta, bularning bari bir kunda o‘zgarib ketishi mumkin, shuning oldini olish uchun ikkala tomondan ham mehnat talab etiladi».
Har ikki poygachi ham jamoaviy buyruqlar masalasi muhokama qilinmayotganini aytmoqda. Hatto chempionlikka imkoniyati kattaroq bo‘lgan Lando Norris ham o‘z foydasiga biror yordam so‘rash niyatida emasligini bildirdi.
Jamoa boshqaruvchisi Andrea Stella ham shu nuqtai nazarni tasdiqladi:
«Agar bizning bir poygachimiz chempionlikka yaqinlashsa, bunga hurmat bilan yondashamiz. Ammo ikkinchi haydovchi ham chempionlik uchun real imkoniyatga ega bo‘lsa, uni chetga surib qo‘yadigan qarorlar bo‘lmaydi. Voqealar qanday rivojlanishini kuzatamiz», — dedi u.
Biroq The Race nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu bayonotlar McLarenning komandaviy taktika qo‘llash ehtimoli mutlaqo yo‘qligini anglatmaydi. Agar poyga davomida shunday vaziyat yuzaga kelsa-ki, Piastrining chempionlik uchun real imkoniyati qolmasa, jamoa undan Norrisga yordam berishni so‘rashi mumkin.
Masalan, agar poyga oxirida Piastri uchinchi, Norris esa uning ortidan kelayotgan bo‘lsa, Oskardan pozitsiyasini bo‘shatib berish iltimos qilinishi ehtimoldan xoli emas. Chunki Norrisga chempion bo‘lish uchun Verstappen g‘olib chiqqan taqdirda ham podiumga ko‘tarilishning o‘zi yetarli bo‘ladi.
Jamoa turli ehtimoliy ssenariylarni ko‘rib chiqmoqda va qarorlar vaziyatga qarab qabul qilinadi. Stella shunday degan:
«Biz poygachilarimizga nisbatan adolatli bo‘lishni, o‘z prinsiplarimizga sodiq qolishni istaymiz. Lando va Oskarni hayron qoldirmaydigan tarzda poyga o‘tkazishimiz kerak. Shu sababli Abu-Dabi Gran-prisidan oldin ular bilan qo‘shimcha suhbatlar o‘tkazamiz…»

