O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘magida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishlashini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Misr, Qatar va Turkiyaning ushbu muhim jarayonda muvofiqlashtirilgan faoliyati va ularning muhim roli yuqori baholanadi.
«Mazkur sa‘y-harakatlar zo‘ravonlikni tez fursatda to‘xtatish, gumanitar inqirozni yengillashtirish hamda siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratmoqda.
O‘zbekiston doimo xalqaro huquq me‘yorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlaydi», deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar o‘rtasida xavfsizlikni ta‘minlash, barqaror hamjihatlikni o‘rnatish va o‘zaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam bo‘lishiga ishonch komil.

