2025-yilning dastlabki 11 oyi davomida O‘zbekiston turizm sohasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi va barcha asosiy yo‘nalishlarda barqaror o‘sish sur’atlariga erishdi. Mazkur davr ichida mamlakatimizga 10,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 114 foizlik o‘sishni tashkil etdi. Xorijiy sayyohlarga ko‘rsatilgan turizm xizmatlari eksporti hajmi esa 4,4 milliard AQSH dollariga yetib, 144 foizga oshdi.
Ichki turizm bo‘yicha “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi aholining mamlakat hududlariga bo‘lgan qiziqishini keskin oshirdi. Yanvar–noyabr oylarida fuqarolar 23,7 million marotaba turli hududlarga sayohat qilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich belgilangan rejadan 114,8 foizga yuqori.
Turistik infratuzilma rivoji ham sezilarli bo‘ldi. Hududlarda 954 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 6 861 taga yetdi. Mavjud joylar sig‘imi 183,9 mingta o‘ringa yetgani mamlakatning turistik imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Xizmat ko‘rsatish sohasida ham o‘sish kuzatildi: yil davomida 662 ta yangi turistik tashkilot va turagentlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada ularning umumiy soni 4 348 taga yetdi. Respublika bo‘ylab 4 345 nafar gid-ekskursovod faoliyat yuritmoqda, yanvar–noyabr oylarida esa qo‘shimcha 375 nafar gid tayyorlandi.
Turizm obyektlarida sanitariya-gigiyena talablarini yaxshilash bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga berilgan tavsiyalar natijasida 784 ta obyektning holati yaxshilandi.
Investitsiya yo‘nalishida 421 ta loyiha amalga oshirilib, 6 313 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu esa turizmni nafaqat iqtisodiy o‘sish omili, balki bandlikni oshirishning muhim mexanizmlaridan biriga aylantirmoqda.
Umuman olganda, 2025-yilning 11 oyida erishilgan natijalar turizm sohasining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi drayver sifatidagi o‘rnini mustahkamladi. Sohada amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar mamlakatning xalqaro imidjini yanada mustahkamlash, xizmatlar eksportini oshirish va yangi bandlik imkoniyatlarini yaratishga sezilarli hissa qo‘shdi.

