Samsung Electronics kompaniyasi so‘nggi uch yildagi eng yuqori uchinchi chorak foydasini qayd etishi kutilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Bunga sun’iy intellekt (SI) sohasida kuchaygan talab va xotira chiplarining narxi oshishi sabab bo‘lmoqda, deb xabar beradi LSEG SmartEstimate ma’lumotlariga tayanayotgan tahlilchilar.
Iyul–sentabr oylarida Samsung’ning operatsion foydasi 10,1 trillion von (taxminan 7,1 milliard dollar)ni tashkil etishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘p demakdir.
Tahlilchilar daromad o‘sishini, asosan, an’anaviy xotira chiplarining narxi oshgani bilan bog‘lashmoqda. Shu bilan birga, kompaniya hali Nvidia’ga o‘zining yangi HBM3E chiplarini yetkazib bermaganligi sabab, bu yo‘nalishda biroz sustlik kuzatilmoqda.
HBM (High Bandwidth Memory) chiplar — sun’iy intellekt tizimlarida ishlatiladigan, katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor va energiya tejamkor tarzda qayta ishlash uchun mo‘ljallangan ilg‘or texnologiya hisoblanadi.
TrendForce ma’lumotlariga ko‘ra, DRAM chiplarining ayrim turlari narxi yil davomida 171,8 foizga oshgan. Bu o‘sish, asosan, serverlar, smartfonlar va kompyuterlar uchun bo‘lgan talab ortishiga bog‘liq.
Shunga qaramay, Samsung’ning Nvidia bilan kechikayotgan hamkorligi va AQSh tomonidan Xitoyga nisbatan joriy etilgan texnologik cheklovlar kompaniyaning o‘sish sur’atlariga bosim o‘tkazmoqda.
Biroq bozor kayfiyati ijobiy tomonga o‘zgarishi kutilmoqda. Samsung yaqinda OpenAI va Tesla bilan chip yetkazib berish bo‘yicha yirik shartnomalar tuzdi. Iyul oyida Tesla bilan 16,5 milliard dollarlik kelishuv kompaniya aksiyalarining 43 foizga oshishiga sabab bo‘lgan.
OpenAI bosh direktori Sem Altmanning Seulga tashrifi chog‘ida Samsung, SK Hynix va OpenAI o‘rtasida ilg‘or xotira chiplarini Stargate loyihasi uchun yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik e’lon qilingan edi.
Tahlilchilar Samsung’ning AI chip sohasidagi yutuqlari kompaniyaning kelajakdagi o‘sishini mustahkamlashiga ishonch bildirmoqda, ammo ular ehtimoliy AQSh tariflari va Xitoyning eksport nazorati kabi xavf omillarini ham eslatib o‘tishgan.
Samsung o‘zining rasmiy moliyaviy natijalarini kelasi seshanba kuni e’lon qiladi.

