Yaponiyaning Osaka shahrida joylashgan Science kompaniyasi “Mirai Renjian” nomli innovatsion qurilmani — “Kelajakning inson yuvish mashinasi”ni taqdim etdi.
Bu avtomatlashtirilgan moslama inson tanasini tozalash va massaj qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda mikropufakli suv oqimi texnologiyasi hamda sun’iy intellekt (SI) asosidagi aqlli funksiyalar qo‘llangan. Foydalanuvchiga shunchaki kapsulaga yotish kifoya — qolganini qurilma o‘zi bajaradi.
Uskuna 1 millilitr suvdan 60 millionga yaqin mikropufak hosil qilib, gellar va sovunlardan foydalanmasdan tozalash effektini ta’minlaydi. Bundan tashqari, u foydalanuvchining sog‘liq holatini kuzatuvchi sensorlar bilan jihozlangan bo‘lib, yurak urishi va puls kabi ko‘rsatkichlarni real vaqt rejimida qayd etadi.
Qurilma uchta turli rejimni taklif etadi, foydalanuvchilar esa shu jarayonda musiqa tinglash yoki video tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Qizig‘i shundaki, bu g‘oya ilk bor 1970 yilda Osakada o‘tkazilgan Butunjahon ko‘rgazmasida taqdim etilgan edi, biroq o‘sha paytda texnologik imkoniyatlar va yuqori narx sababli ommalashmagan.

