Shanxay indeksi so‘nggi 10 yil ichida ilk bor 4 ming punkt chegarasidan oshdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Seshanba kuni indeks 0,1 foizga oshib, 4 000,86 punktga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2015-yil avgustidan beri birinchi marta kuzatilmoqda. O‘sish asosan AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo kelishuvlari, shu jumladan bojlar, yuk tashish to‘lovlari va eksport nazoratlariga oid bitimlar tufayli yuz berdi.
So‘nggi yillarda indeks 3 ming va 4 ming punkt oralig‘ida tebranishda davom etgan edi. Mazkur rekord investorlar orasida ehtiyotkor, ammo ijobiy kayfiyat kuchayganidan dalolat beradi. Biroq ayrim tahlilchilar bu ko‘tarilish uzoq davom etmasligi va investorlar foyda olish uchun aksiyalarni sotishni boshlashi mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Shanxay indeksi uzoq vaqt davomida 4 minglik to‘siqni yenga olmagani sababli, investorlar orasida “bozorni hukumat qo‘llab turibdi” degan hazillar keng tarqalgan edi. So‘nggi oylarda esa sun’iy intellekt sektoridagi faollik va bozorni qo‘llab-quvvatlovchi siyosatlar uning tiklanishiga turtki berdi.
Shunga qaramay, ekspertlar ogohlantirmoqda: AI bilan bog‘liq aksiyalar haddan tashqari qimmatlashishi va bozor yana o‘z diapazoniga qaytishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

