Shimoliy Koreya o‘zining yangi ishlab chiqilgan Hwasong-20 qit’alararo ballistik raketasini (ICBM) ilk bor keng jamoatchilikka taqdim etdi. Bu harbiy parad mamlakat hukmron Mehnatkashlar partiyasining 80 yilligi munosabati bilan Pxenyandagi Kim Ir Sen maydonida o‘tkazildi, deb xabar berdi Yonhap nashri.
Paradda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, Xitoy, Rossiya, Vetnam va boshqa davlatlardan yuqori martabali mehmonlar qatnashdi. Bu Kimning G‘arb davlatlariga qarshi diplomatik aloqalarni mustahkamlash istagini ko‘rsatdi.
KCNA Hwasong-20’ni “eng qudratli yadro strategik qurol tizimi” deb atadi. Ushbu raketa AQSh hududiga zarba bera olishi aytilmoqda. Shuning uchun uning namoyishi Shimoliy Koreyaning yadro qudratini xorijiy mehmonlar oldida ko‘rsatishga qaratilgan, deb baholanmoqda.

Kim Chen In o‘z nutqida armiyani “mag‘lub etib bo‘lmaydigan kuch”ga aylantirish zarurligini ta’kidladi:
“Bizning armiyamiz o‘zining siyosiy, mafkuraviy, harbiy va texnik ustunligi bilan barcha tahdidlarga zarba bera oladigan qudratli kuchga aylanishi kerak,” — dedi u.
Paradda, shuningdek, gipersonik raketalar, Chonma-20 tanklari, 155 millimetrli gaubitsalar, 600 millimetrli ko‘p zaryadli raketa tizimlari, dron uchirish moslamalari, hamda yer-havo va yer-yer raketalari ham namoyish etildi.
Avvalroq, Shimoliy Koreya Hwasong-20 uchun mo‘ljallangan yangi yuqori quvvatli qattiq yoqilg‘ili dvigatelni sinovdan o‘tkazganini ma’lum qilgan edi. Sinov raketaning ishlab chiqish jarayonidagi “oxirgi bosqich” bo‘lgani aytilgan.

Ekspertlar fikricha, yangi model bir nechta jangovar kallak tashishga mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin, bu esa AQSh uchun yangi xavf darajasini anglatadi.
Mazkur parad Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In’ning Xitoy raisi Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Pekinda bir oy avval o‘tkazilgan katta harbiy tantanada bir safda turganidan keyin bo‘lib o‘tdi — bu esa G‘arbga qarshi siyosiy birdamlik ramzi sifatida baholanmoqda.

