Qatar energetika vaziri Saad Sherida Al-Kaabi sun’iy intellektga bo‘lgan talabning tez o‘sishi va gaz sanoatiga yetarli sarmoya kiritilmayotgani 2035-yildan keyin global miqyosda suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
LNG — bu tabiiy gazning −160°C darajada sovutilib suyuq holga keltirilgan ko‘rinishi bo‘lib, hajmi 600 baravar kichraygani uchun uzoq masofalarga tashish osonlashadi.
Doha Forumda so‘zga chiqqan Al-Kaabi yaqin o‘n yillikda global LNG talabi yiliga 600–700 million tonnagacha oshishini, bu ko‘rsatkich hozirgi 400 million tonnalik ishlab chiqarishdan ancha yuqori ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, o‘sishning asosiy omili — katta miqdorda energiya talab qiladigan sun’iy intellekt tizimlarining kengayishi.
Vazirning fikricha, agar keyingi 5–6 yil ichida gaz qazib chiqarish va LNG infratuzilmasiga yetarli investitsiyalar yo‘naltirilmasa, 2035-yilda jiddiy ta’minot uzilishlari yuzaga keladi. U sarmoya tanqisligi narxlarning keskin oshishiga olib kelishidan xavotir bildirdi.
Al-Kaabi ko‘plab davlatlarda energiya iste’molining 10–20 foizi sun’iy intellekt bilan bog‘liq bo‘layotganini qayd etdi. Bu esa gaz va elektr energiyasiga bosimni yanada kuchaytiradi.
Neft bozoriga to‘xtalib, vazir global ishlab chiqarish quvvatlari yetarli ekanini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bir barrel uchun 70–80 dollarlik narx infratuzilma uchun zarur investitsiyalarni moliyalashtirishga eng maqbul diapazon hisoblanadi.
Qatar 2019-yilda OPEK tarkibidan chiqqan bo‘lsa-da, global energetika bozoridagi strategik masalalarda faol ishtirok etishda davom etmoqda.

