Tailand hukumati 3-dekabr kuni yirik kiberfiribgarlik tarmoqlariga qarshi o‘tkazilgan keng ko‘lamli operatsiya doirasida 300 million dollardan ortiq qiymatdagi aktivlarni musodara qildi va 42 nafar shaxsni hibsga olish bo‘yicha order chiqardi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Tailand Markaziy tergov byurosi o‘rinbosari Sofon Sarapatning aytishicha, hibsga olish orderi berilgan 42 shaxsdan 29 nafari allaqachon qo‘lga olingan. Musodara qilingan aktivlar orasida tadbirkor Chen Chji va uning sheriklariga tegishli mulklar ham bor. Tailandning jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boshqarmasi (AMLO) olib borgan tekshiruvlar natijasida onlayn firibgarlik, odam savdosi va pul yuvish bilan bog‘liq tarmoqlar aniqlangan. Chen Chjining ayni paytdagi joylashuvi esa noma’lumligicha qolmoqda.
Musodara qilingan eng yirik aktivlardan biri — Kambodja fuqarosi Yim Likka tegishli ekani aytilayotgan Bangchak Corporation energetika kompaniyasining 88 million dollarlik aksiyalari. Kompaniya bu holat alohida aksiyador faoliyati bilan bog‘liqligini va korporativ ish jarayoniga ta’sir qilmasligini ma’lum qildi.
Tergov materiallariga ko‘ra, Kambodjaning yana bir fuqarosi Kok An egalik qiluvchi obyektlarda ham jinoiy guruhlar faoliyat yuritgan, noqonuniy daromadlar esa Tailandda mulk sotib olishga yo‘naltirilgan. So‘nggi oylarda Gonkong va Singapur ham firibgarlik markazlarini boshqarganlikda ayblanayotgan Prince Group bilan bog‘liq millionlab dollarlik aktivlarni muzlatgan edi.

