AQSh prezidenti Donald Tramp inflyatsiya va yashash narxlarining oshishi sabab kuchaygan saylovchi noroziligini kamaytirish maqsadida ichki safarlarga qaytmoqda. U Poconosdagi tadbir bilan mamlakat bo‘ylab yangi tashriflar seriyasini boshlaydi.
Trampning seshanba kuni Mount Airy Casino Resort’dagi chiqishi bir necha oydan beri ilk bor Vashingtondan tashqari o‘tkazilayotgan yirik ommaviy tadbir bo‘ladi. Oq uy bu safarlarni prezidentning bir qator siyosiy mag‘lubiyatlaridan keyingi “yangilanish bosqichi” deb ta’riflamoqda. Maqsad — aholining yashash xarajatlari, inflyatsiya va ish bozori bo‘yicha kuchaygan xavotirini kamaytirish.
Michigan universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, iste’molchi kayfiyati tarixiy past darajada qolmoqda. Odamlarning shaxsiy moliyaviy ahvoli haqidagi baholari 2009-yildan beri eng past ko‘rsatkichga yetgan. Shu bilan birga, ishsizlik ortib bormoqda, ADP Research ma’lumotlariga ko‘ra, noyabrda kompaniyalar 2023 boshidan buyon eng ko‘p ish o‘rinlarini qisqartirgan.
Tramp saylovoldi va’dasi — yashash narxini pasaytirish — bilan Oq uyga qaytgan edi. Ammo u ham o‘zidan avvalgi prezident Jo Bayden duch kelgan iqtisodiy bosimlar bilan yuzma-yuz bo‘lmoqda.
So‘nggi haftalarda Tramp:
- tarif siyosatiga o‘zgartirish kiritib, fermerlar uchun yangi imtiyozlar yaratdi,
- go‘sht sanoatini tekshirishni boshladi,
- avtomobil narxlarini pasaytirish maqsadida yoqilg‘i samaradorligi standartlarini yumshatmoqda,
- dori narxlarini tushirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, u soliq qaytarilishi (rebate) dasturini targ‘ib qilmoqda, biroq bunday o‘zgarishlar Kongress qarorisiz amalga oshmaydi. 50 yillik ipoteka muddati haqida ham takliflar berilib, oylik to‘lovlarni kamaytirish rejalashtirilgan.
Biroq respublikachilar yil oxirigacha Affordable Care Act subsidiyalari muddati tugashi bilan millionlab amerikaliklar uchun tibbiy sug‘urta xarajatlari oshishiga doir keskin savollarga duch kelmoqda. Tramp esa Kanada, Meksika va Hindiston kabi asosiy savdo sheriklaridan import qilinadigan mahsulotlarga yana qo‘shimcha tariflar joriy etishni eslatib turibdi.
Oq uy ichidagi faoliyat ham Trampning iqtisodiy dasturlarini soyada qoldirmoqda — migratsiya siyosatidagi keskin o‘zgarishlar, xalqaro mojarolar bo‘yicha vositachilik hamda yangi Oq uy bal zalini qurish kabi prezidentning shaxsiy loyihalari keng muhokama qilinmoqda.
Tramp muntazam ravishda intervyularda “affordability” bo‘yicha tanqidlarni rad etib, muammoni demokratlar yaratgan, o‘zi esa uni hal qilayotganini ta’kidladi. Oq uy vakillarining bildirishicha, prezidentning iqtisodiy siyosati aholining xarajatlari oshishining salbiy ta’sirini yumshatgan.
Shunga qaramay, iqtisodchilar vaziyatning murakkabligini qayd etmoqda. Ayrimlar fikricha, Trampning tariflari narxlarning oshishiga hissa qo‘shgan, immigratsiya siyosati esa mehnat xarajatlarini ko‘targan. Yil oxirida sug‘urta subsidiyalari tugashi bilan sog‘liqni saqlash xarajatlari ham oshishi mumkin.
Hozircha AQSh iqtisodiyoti tanazzulga tushmagan, ammo iste’molchilar bosimni his qilmoqda. Bank of America ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori daromadli guruhlar sarf-xarajatlarini 2,7 foizga oshirgan bo‘lsa, past daromadli aholida o‘sish atigi 0,7 foizni tashkil etgan.
Oq uy maslahatchilari prezidentning tashriflari davom etishini, yangi iqtisodiy choralar e’lon qilinishini aytmoqda. Trampning yaqin maslahatchilari midterm saylovlarini uning iqtisodiy siyosati bo‘yicha “referendum”ga aylantirmoqchi.
Rasmiylar nazarida, tez orada inflyatsiyaning pasayishi, benzin narxining tushishi, soliq imtiyozlari va ipoteka stavkalarining kamayishi bo‘yicha ijobiy natijalar aholiga sezila boshlaydi.
Ammo Trampning Pensilvaniyaga safari shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy norozilik uning ma’muriyati uchun eng og‘riqli siyosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

