Sun’iy intellekt markazlari tomonidan NAND chiplariga bo‘lgan keskin talab sabab Transcend mahsulotlarining ishlab chiqarilishi kechikmoqda. Samsung va SanDisk tomonidan yetkazib berishlarning uzilishi tufayli kompaniya Q4 uchun mo‘ljallangan chiplarni ololmayapti.
Transcend o‘z dilerlariga yuborgan maktubida Samsung va SanDisk NAND xotira chiplarini yetkazib berishni ikkinchi bor kechiktirgani, natijada kompaniya oktabrdan beri birorta chip qabul qilmaganini ma’lum qildi. Bu holat IV chorakdagi rejalashtirilgan chip hajmlarining yanada qisqarishiga olib kelgan.
Transcendning qayd etishicha, bozorda DRAM va NAND uchun jiddiy yetishmovchilik yuzaga kelgan. Bunga asosiy sabab — SI bozorining portlashi fonida yirik ma’lumot markazlari va hyperscaler kompaniyalarining rekord darajadagi talabidir. Xabarda aynan «barcha yirik chip ishlab chiqaruvchilar avvalo shu gigant mijozlarni ta’minlayapti» deb ochiq yozilgan.
Kompaniya ta’kidlashicha:
- chiplar narxi atigi bir hafta ichida 50–100% ga oshgan;
- yetkazib berish muddatlari keskin uzaygan;
- yaqin 3–5 oy davomida SSD, SD-karta va USB flesh-drayvlar ishlab chiqarish hajmi qisqaradi;
- kelasi chorakda narxlar oshishi muqarrar.
DigiTimes Asia Transcend bilan bog‘langanda, kompaniya maktub “rasmiy pozitsiyani to‘liq aks ettirmasligi”ni aytgan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda ta’minot kamaygani tasdiqlangan.
Bu jarayon butun texnologiya bozoriga ta’sir ko‘rsatmoqda. SI sabab:
- HDD narxlari so‘nggi oylar ichida 20% ga ko‘tarilgan;
- SSD’lar 10–20% ga qimmatlashgan (yirik hajmlarga talab yuqori);
- RAM narxlari esa bozorda “portlash” darajasida oshgan.
Shuningdek, grafik kartalar narxi ko‘tarilishi kutilmoqda, Intel protsessorlari qimmatlashmoqda, Nvidia 5000 Super liniyasi esa GDDR7 taqchilligi sabab “qog‘ozda taqdimot” bo‘lishi mumkin.
Adata, TeamGroup, Framework kabi brendlar ham ta’minot va narx oshishi xavfi haqida ogohlantirgan. Micron esa kecha o‘zining uzoq yillik iste’molchi brendini butunlay to‘xtatishini e’lon qildi.
SI bozorining jadal kengayishi tufayli kompyuter yig‘moqchi bo‘lgan oddiy foydalanuvchilar uchun narxlar yanada oshishi kutilmoqda.

