AQSh prezidenti Donald Tramp Vetnamga yuqori boj stavkasi qo‘llaganidan bir necha oy o‘tib, mamlakat iqtisodiyoti keskin o‘sdi, fond bozori rekord darajaga chiqdi va hatto Tramp bilan ham savdo kelishuvi erishildi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
FTSE Russell Vietnamni “frontier”dan “emerging market” maqomiga ko‘targach, VN fond indeksi yangi rekordni qayd etdi. Bu mamlakat rahbari To Lam olib borayotgan kapital bozorini isloh qilish dasturlarining natijasidir.
To Lamning “Resolution 68” deb nomlangan keng qamrovli islohot dasturi xususiy sektor rolini kuchaytirishni ko‘zda tutadi. Bu Doi Moi (“Yangilanish”) dasturidan keyingi eng katta iqtisodiy o‘zgarish sifatida baholanmoqda.

Vetnamda so‘nggi yillarda ishlab chiqarish bazasi sezilarli darajada kengaydi. Mamlakat hozir AQSh bilan 123,5 mlrd dollarlik savdo profitsitiga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat Xitoy va Meksikadan keyin turadi. 2025-yilning dastlabki 9 oyida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 18,8 mlrd dollarga yetdi (8,5% o‘sish).
Islohotlar doirasida minglab byurokratlar qisqartirildi, davlat idoralari birlashtirildi, ayrim mahalliy boshqaruv bo‘g‘inlari tugatildi. Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurash davom etmoqda.
Biroq, mutaxassislar fikricha, islohotlarni amalda tatbiq etish oson bo‘lmaydi — konservativ doiralar, ayniqsa davlat korxonalari bunga qarshi turmoqda.
Vetnam hukumati infratuzilmani kengaytirishga katta sarmoya kiritmoqda va kelgusi yillarda ikki xonali iqtisodiy o‘sishni maqsad qilgan. Ekspertlar mamlakatning ochiq va shaffof siyosat yuritishi xorijiy investorlar ishonchini mustahkamlashini ta’kidlamoqda.

