Warner Bros. Discovery kompaniyasi o‘zining kino va televideniye studiyalari hamda HBO Max striming xizmatini Netflix’ka sotish yuzasidan eksklyuziv muzokaralar boshlaganini ma’lum qildi. Bu haqda jarayondan xabardor manbalar xabar bergan.
Manbalarga ko‘ra, agar bitimni AQSh yoki Yevropa regulyatorlari ma’qullamasa, Netflix 5 milliard dollarlik kompensatsiya to‘lashga tayyor. Muzokaralar muvaffaqiyatli davom etsa, kelishuv yaqin kunlarda e’lon qilinishi mumkin. Bu esa Netflix’ning Paramount Skydance va Comcast kabi yirik da’vogarlardan oldinga chiqib olganini ko‘rsatadi.
Bitim rasman amalga oshirilishidan avval Warner Bros. o‘zining CNN, TBS va TNT kabi kabel kanallarini alohida kompaniyaga ajratib chiqadi. Umumiy qiymati 60 milliard dollardan ortiq baholanayotgan kompaniya sotilishi – Hollywood sanoati tarixidagi eng keskin o‘zgarishlardan biri bo‘lishi mumkin. Agar kelishuv amalga oshsa, dunyodagi eng yirik striming xizmati Hollywood’ning eng qadimiy va nufuzli studiyalaridan biriga ega bo‘ladi.
Netflix uchun tarixiy burilish
Netflix avval hech qachon bu miqyosdagi kompaniyani sotib olmagan. Kompaniya dastlab DVD ijarasi xizmati sifatida yo‘lga qo‘yilgan, keyinchalik esa serial va filmlarni litsenziyalash hamda original kontent yaratish orqali striming bozorining yetakchisiga aylangan.
Agar Warner Bros. sotib olinsa, Netflix HBO telekanali, unga tegishli The Sopranos, The White Lotus kabi mashhur seriallar hamda Burbank (Kaliforniya)dagi ulkan kinostudiyalar va Harry Potter, Friends kabi dunyoga mashhur kontent kutubxonasiga ega bo‘ladi.
Bu holat Paramount Skydance rahbari Devid Ellison uchun katta mag‘lubiyat bo‘ladi. U Warner Bros. uchun dastlabki norasmiy takliflarni bergan birinchi nomzod edi. Warner Bros. o‘zini sotuvga qo‘yganidan so‘ng Paramount va Comcast ham rasmiy takliflar bildirishgan.
Muzokaralar atrofidagi tortishuvlar
Paramount kompaniyasi Warner Bros.’ni Netflix’ka nisbatan imtiyozli shartlar yaratishda aybladi. 3-dekabrda yuborilgan rasmiy xatda ular savdo jarayonini “adolatdan yiroq” deb atagan va auktsion Netflix foydasiga og‘dirilgani haqida shikoyat qilgan.
1-dekabrda yuborilgan boshqa maktubda Paramount o‘z taklifi turli davlatlardagi regulyatorlar tomonidan tasdiqlanish ehtimoli ancha yuqori ekanini ta’kidlagan.
Televizion bozor keskin qisqarishda
An’anaviy kabel televideniyesi misli ko‘rilmagan pasayish davriga kirgan: tomoshabinlar striming platformalarga o‘tmoqda. Netflix bu bozorda mutlaq yetakchi. Warner Bros. telekanallar bo‘limi so‘nggi chorakda 23 foizlik daromad yo‘qotgan, reklama bozoridagi o‘zgarishlar va abonentlar ketayotgani bunga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Bloomberg Intelligence tahlilchilari Geetha Ranganathan va Raveeno Douglas’ning qayd etishicha, Netflix Warner Bros. uchun kurashda aniq yetakchi bo‘lib turibdi. Ularning hisobiga ko‘ra, Warner aktivlarining umumiy bahosi 75 milliard dollarga chiqishi mumkin. Biroq Netflix va Warner birlashsa, taxminan 450 million obunachiga ega ulkan media konglomerat paydo bo‘ladi – bu esa AQSh va Yevropada jiddiy antimonopol tekshiruvlarga sabab bo‘ladi.
Raqobat maydonidagi tarixiy qarama-qarshilik
Netflix 2024 yilni 39 milliard dollarlik daromad bilan yakunladi, kompaniyaning bozor qiymati esa 437 milliard dollarni tashkil etadi. Warner Bros. ham o‘xshash darajada yillik 39 milliard dollarlik daromadga ega, ammo uning kino-televideniye merosi va brend kuchi Netflix uchun strategik jihatdan juda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, bitim AQSh va Yevropada antimonopol tekshiruvlardan o‘tishi shart. AQSh Kongressining ayrim a’zolari ehtimoliy kelishuv iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkinligini bildirdi. Netflix esa o‘zining eng yirik raqobatchilaridan biri sifatida Alphabet’ning YouTube platformasini ko‘rsatib, raqobat muhiti sog‘lom ekanini ta’kidladi.
Hollywoodda xavotir
Warner Bros.’ning Netflix tomonidan sotib olinishi Hollywoodda ham taranglik uyg‘otdi. Netflix odatda filmlarni kinozallarda to‘liq formatda namoyish etmaydi, ularning ko‘pchiligi faqat cheklangan tarzda katta ekranga chiqadi. Bu esa an’anaviy kino sanoati uchun katta xavf sifatida ko‘rilmoqda.

