Xitoyda iqtisodiy o‘sish 2025-yilning uchinchi choragida so‘nggi bir yildagi eng past darajaga tushdi. Bunga ko‘chmas mulk inqirozi va AQSh bilan savdo keskinligi sabab bo‘ldi.
Mutaxassislar bu holat mamlakatni uzoq muddatli iqtisodiy siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi mumkinligini aytmoqda.
Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul–sentabr oylarida YaIM 4,8 foizga oshgan. Bu ikkinchi chorakdagi 5,2 foizlik o‘sishdan past. Shu bilan birga, bu natija Reuters so‘roviga ko‘ra kutilgan daraja bilan mos keldi. Pekin yil yakunida 5 foiz atrofidagi o‘sishni maqsad qilgan.
Eurasia Group tahlilchisi Dan Vaning so‘zlariga ko‘ra, “Dastlab Xitoy maqsad ko‘rsatkichiga erisha olmaydi deb o‘ylashgan. Ammo hozirgi raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Xitoy AQSh bosimi va boj tahdidlariga qaramay, o‘z rivojlanish maqsadlariga yetish qobiliyatiga ega.”
Savdo urushi va iqtisodiy zaiflik
AQSh bilan qayta kuchaygan savdo tarangligi Xitoy iqtisodiyotining eksportga haddan tashqari tayanishi muammosini yana bir bor ochib berdi. Iqtisodchilar mamlakat endi o‘sishni ichki iste’molga yo‘naltirish uchun “og‘riqli” tarkibiy islohotlarni amalga oshirishi kerakligini ta’kidlashmoqda.
Eksport sentabr oyida tiklangan bo‘lsa-da, ko‘plab sohalarda deflyatsion bosim saqlanib qolgan. AQSh Prezidenti Donald Tramp 1-noyabrdan boshlab Xitoy tovarlariga bojlarni 100 foizgacha oshirish bilan tahdid qilmoqda. Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi muzokaralarda taranglikni yumshatish signallari ham bor.
Yangi besh yillik reja muhokamada
Xitoy rahbariyati bu hafta o‘zining 15-besh yillik rivojlanish rejasini muhokama qilmoqda. U asosan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish va AQSh bilan raqobatda texnologik mustaqillikka erishishga qaratiladi.
Analitiklar to‘rtinchi chorakda iqtisodiyot investitsiyalarga tayanib, iste’mol susayishini kutmoqda. Sentabr oyidan beri hukumat infratuzilma loyihalariga yo‘naltirilgan qo‘llab-quvvatlovchi choralarni joriy qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra:
- Sanoat ishlab chiqarishi sentabrda 6,5 foizga oshdi (avgustdagi 5,2 foizdan yuqori);
- Chakana savdo hajmi 3 foizga oshib, so‘nggi 10 oy ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi;
- Asosiy kapital investitsiyalar 9 oyda 0,5 foizga kamaydi;
- Ko‘chmas mulk sektori investitsiyasi esa 13,9 foizga qisqardi.
Ko‘chmas mulk bozoridagi chuqur inqiroz va AQSh bilan davom etayotgan savdo qarama-qarshiliklari fonida Xitoy iqtisodiyoti uchun barqaror ichki o‘sish modeliga o‘tish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

