Xitoyning AQShga eksport hajmi sentyabr oyida o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga kamaydi, biroq mamlakatning umumiy global eksporti so‘nggi olti oy ichidagi eng yuqori darajaga chiqdi. Bu haqda Associated Press agentligi ma’lum qildi.
Dushanba kuni e’lon qilingan bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning jahon bo‘yicha eksporti 8,3% ga oshib, 328,5 milliard dollarga yetgan. Bu iqtisodchilar kutganidan yuqori natija bo‘ldi va avgust oyidagi 4,4% o‘sish ko‘rsatkichidan ancha yaxshi.
Import ham o‘tgan oyda 7,4% ga oshdi (avgustda bu ko‘rsatkich 1,3% edi), ammo mamlakatdagi ichki iqtisodiy zaiflik va ko‘chmas mulk inqirozi talab va iste’molni pasaytirishda davom etmoqda.

Xitoyning AQShga eksporti olti oy ketma-ket kamayib kelmoqda. Avgust oyida esa bu pasayish 33% ni tashkil etgan edi.
Eksportdagi pasayish AQSh prezidenti Donald Trampning siyosati bilan bog‘liq bo‘lib, u ishlab chiqaruvchilarni zavodlarini AQShga ko‘chirishga undamoqda. Shu bois, Xitoy o‘z mahsulotlari uchun Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikada yangi bozorlarni kengaytirmoqda.
Boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘sish:
- Janubi-Sharqiy Osiyoga eksport — 15,6% ga oshdi
- Lotin Amerikasi — 15%
- Afrika — 56%
Xitoy bojxona idorasi vitse-vaziri Van Jun shunday dedi:
“Tashqi muhit hali ham murakkab va noaniq. Savdo oldida ko‘plab qiyinchiliklar turibdi. To‘rtinchi chorakda savdoni barqarorlashtirish uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak.”
Natixis kompaniyasi iqtisodchisi Gari Ng shunday dedi:
“Xitoy eksporti hali ham yuqori tariflarga qaramay bardosh bermoqda, chunki dunyoda arzonroq va o‘rnini bosuvchi mahsulotlar kam.”
Biroq u ogohlantirdi:
“Eng xavflisi — boj emas, balki eksport nazorati. Agar bu sohada keskin choralar kuchaysa, bu global ta’minot zanjirlariga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin.”

Tramp juma kuni Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 100% tarif va “muvohim” dasturiy ta’minotga eksport nazorati joriy etilishini e’lon qildi.
Bunga javoban Pekin amerikalik kemalarga yangi port to‘lovlari kiritdi va lityum-ion batareyalar hamda nodir yer metallari eksportiga cheklovlarni kengaytirdi.
Bu keskinliklar oktabr oxiriga rejalashtirilgan Tramp va Si Tszinpin uchrashuvini xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Shuningdek, bu ikki yirik iqtisodiyot o‘rtasidagi keng qamrovli savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar turg‘unligini ko‘rsatadi.
Financial Press, avvalroq, AQSh Xitoy mahsulotlariga yangi bojlar joriy qilishi haqida xabar bergan edi.

