Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston bo‘yicha yangi iqtisodiy prognozini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2025-yilda 6,8 foizga, 2026-yilda esa 6 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, inflyatsiya darajasi bu yil yakuniga qadar 9,1 foiz, kelgusi yilda esa 7,3 foizgacha pasayadi. Bu jarayon hukumat tomonidan olib borilayotgan narxlar barqarorligini ta’minlash siyosati va pul-kredit intizomining kuchaytirilishi bilan bog‘liq.
Shuningdek, XVJ O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 2025-yilda 5 foiz, 2026-yilda esa 4,5 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda. Bu mamlakat mehnat bozori tiklanib borayotganidan darak beradi.
Jamg‘arma tahlilida jahon iqtisodiyoti ham 2025-yilda 3,2 foiz, 2026-yilda esa 3,1 foiz o‘sishi prognoz qilingan. Biroq fond mutaxassislari global iqtisodiy muhit hanuz beqarorligini saqlab qolayotganini ta’kidlashmoqda.

