Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Tramp taklif qilgan Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasi kelajakdagi muzokaralar uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Ammo uning ta’kidlashicha, hozircha yakuniy hujjat mavjud emas. Putin, shuningdek, yaqin kunlarda Trampning maxsus elchisi Stiv Vitkoffning Moskvaga safari Rossiya–AQSh muzokaralarining yangi bosqichiga yo‘l ochishini bildirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan KXSHT sammitidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surgan Ukraina bo‘yicha tinchlik tashabbusi “kelajakdagi kelishuvlar uchun asos” bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Putin hozircha hech qanday yakuniy loyiha mavjud emasligini qayd etdi.
Putin so‘zlariga ko‘ra, Trampning dastlabki 28 banddan iborat rejasi AQSh va Ukraina tomonidan Jenevada o‘tkazilgan muzokaralar davomida qayta ko‘rib chiqilgan. “Bizning ma’lumotlarga ko‘ra, bu hujjat to‘rt bo‘limga ajratilgan shaklda muhokama qilingan. Kelajak muzokaralar uchun bu real asos bo‘lishi mumkin,” dedi u. AQSh va Ukraina mazkur reja 19 bandga qisqartirilganini bildirgan.
Kreml avvalroq AQShning prezidentlik elchisi Stiv Vitkoff kelasi hafta Moskvaga tashrif buyurishi kutilayotganini tasdiqlagan edi. Putin Vitkoffni “aqlli va muloyim diplomat” deya ta’rifladi va Bloomberg xabar qilgan telefon suhbatiga izoh berar ekan, “u Prezident Tramp topshirig‘i bilan muzokara olib borishga kelmoqda, bu normal holat,” dedi.
Rossiya rahbari AQShning yaqinda Rossiya neft sanoatiga qarshi e’lon qilgan sanksiyalarini izohlar ekan, bu Washingtonning o‘z manfaatlarini himoya qilayotganidan darak berishini aytdi. Biroq, uning fikricha, hozirgi jarayonlar tomonlarni “jiddiy diplomatik muloqotga o‘tishga” majbur qilmoqda.
Putinning fikricha, muzokaralar uchun joy va vaqt topish, kelishuv matnini esa diplomatik tilda aniq shakllantirish zarur.

