General Motors kompaniyasi Misrda yangi 2026-yilgi Chevrolet Optra avtomobil liniyasini rasman ishga tushirdi. Bu haqda GMAuthority nashri ma’lum qildi.
2026-yilgi Chevy Optra Misr bozori uchun mo‘ljallangan byudjet toifasidagi sedan bo‘lib, o‘tgan yilgi modelning muvaffaqiyatli formulasi asosida yangilandi. Ushbu model Misr avtomobil bozorida uzoq tarix va mashhurlikka ega bo‘lib, Chevrolet uni mahalliy ehtiyojlarga moslab ishlab chiqdi.




“Yangi Optra — bu ishonchli kundalik avtomobil. U qulaylik va nafislikni uyg‘unlashtirgan, har kuni haydashni oson va stresssiz qilish uchun ishlab chiqilgan,” — deyiladi Chevrolet Egypt bayonotida.
Kompaniya shuningdek, “model ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, haydovchiga qulay boshqaruv va raqamli ulanish imkoniyatlarini taqdim etadi,” deb qo‘shimcha qildi.
Yangi Optra LS va LT komplektatsiyalarda taqdim etilgan bo‘lib, har ikkisi ham arzon narx segmentiga yo‘naltirilgan. Avtomobil 8 dyuymli multimedia displeyi, Android Auto va Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovi, orqa ko‘rish kamerası, ruldagi boshqaruv tugmalari bilan jihozlangan. Xavfsizlik tizimlariga barqarorlik va tortish nazorati, ABS tormozlari, tepalikda harakatni boshlash yordamchisi va ikki havo yostig‘i kiradi.
Texnik jihatdan, ikkala versiyada ham 1,5 litrli to‘rt silindrli benzinli dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, u 98 ot kuchi va 140 Nm moment hosil qiladi. U avtomatik CVT uzatmalar qutisi bilan juftlashtirilgan. Dvigatel yuqori yoqilg‘i tejamkorligi va yetarli dinamikasi bilan ajralib turadi.
Model Misrda yig‘iladi: GM’ning 6-oktabr shahridagi zavodida. Optra hozirda brendning barcha dilerlarida sotuvda mavjud bo‘lib, 7 ta tashqi rang va ikki rangli salon bilan taklif etiladi. Shuningdek, avtomobil 5 yil yoki 150 000 km kafolat bilan ta’minlanadi.
2026-yilgi Chevy Optra narxi 744 900 Misr funtidan (taxminan 15 690 AQSh dollari) boshlanadi.
Financial Press, avvalroq, Chevrolet Tracker Caramelo taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

