Yaponiyada hukmron koalitsiya parchalangandan keyingi ilk davlat obligatsiyalari auksioni investorlar orasida kutilganidan yuqori talab bilan o‘tdi. Bu haqda Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Moliya vazirligining 20 yillik obligatsiyalar savdosida “bid-to-cover” koeffitsienti 3,56 ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi o‘rtacha ko‘rsatkich (3,25) dan yuqori. Bu natija uzoq muddatli obligatsiyalar rentabelligi 1999-yildan beri eng yuqori darajada turgan paytda investorlar uchun jozibador bo‘lganini ko‘rsatadi.
SMBC Nikko Securities’ning tahlilchisi Miki Denning so‘zlariga ko‘ra, yuqori daromadlar va obligatsiyalar hajmining oshirilmasligi haqidagi qarashlar bozorda ishonch uyg‘otgan.
Auksion siyosiy beqarorlik sharoitida o‘tkazildi. Hukmron Liberal-demokratik partiyaning ittifoqi 26 yildan keyin buzilgan, bu esa yangi rahbar Sanae Takaichi bosh vazir bo‘lish imkoniyatlarini noaniq qilgan.
Yaponiyadagi siyosiy vaziyat Bank of Japanning yaqin orada foiz stavkalarini oshirishi haqidagi kutilmalarni ham pasaytirdi. Oktabrda bunday qaror ehtimoli hozirda atigi 10 foizni tashkil etadi.
Shu bilan birga, AQShda Federal zaxira tizimi raisi Jerom Pauell bu oy oxirida foiz stavkasini yana chorak punktga tushirish ehtimolini bildirdi.

